Muloqotning asosiy mavzusi ikki davlat oʻrtasida charm-poyabzal va moʻynachilik sohasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, mamlakatimizdan Koreyaga tayyor mahsulotlar eksportini yoʻlga qoʻyish masalasini muhokama qilish hamda Oʻzbekistondagi

charm korxonalarning tozalash inshootlarini takomillashtirish va zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash masalasi boʻldi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash zarur, “Beomhan engineering” kompaniyasi 1995-yilda tashkil etilgan. Asosiy ish faoliyati suvdan oqilona foydalanish, atrof-muhtni muhofaza qilish sohasida tozalash inshootlari uchun texnologiyalarni ishlab chiqish hamda ularga

xizmat koʻrsatish va sifat nazoratini olib borish bilan shugʻullanadi. Shu kunga qadar kompaniya tomonidan dunyoning turli mamlakatlarida 3000 dan ortiq loyihalar amalga oshirilgan.

“Pukyong” milliy universiteti esa Janubiy Koreyadagi eng tarixiy taʼlim maskani sanaladi. U 1924-yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda butun jahon boʻylab 170 000 mutaxassis ushbu universitet diplomini qoʻlga kiritgan. Aynan ushbu taʼlim maskani bitiruvchilari,

geologiya, okeanariya, IT, sanoat texnologiyalari, ekologiya yoʻnalishlaridagi korxonalarda birinchi toifali kadrlar deya baholanadi.

Uchrashuvda uyushma rahbariyati tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot taqdim etildi. Xususan, charm-poyabzal sohasining ishlab chiqarish salohiyati, investitsiyaviy muhit, eksport koʻrsatkichlari haqida

axborot berildi. Xorijiy sarmoyadorlarga berilgan imtiyoz va preferensiyalar tizimi tushuntirildi.

Muloqotda koreyalik mehmonlar bugungi kunda Oʻzbekistonda aynan IT, sanoat texnologiyalari tez surʼatlarda rivojlanib borayotganini, shu sabab Osiyoning eng yirik iqtisodiga ega davlat investorlari mamlakatimizga oshiqayotganini taʼkidladi.

Muloqot chogʻida, “Beomhan engineering” kompaniyasi vakillari mamlakatimizda charmsanoat korxonalarida tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish hamda Koreya texnologiyalarni joriy etish yuzasidan oʻz takliflarini bildirdi. Shuningdek, bu yoʻnalishda

qoʻshma loyihalarni amalga oshirish tashabbusi bildirildi. Mazkur loyiha, ekologiya va suv resurslaridan oqilona foydalanishni koʻzda tutadi. Bu esa oʻz navbatida charm-poyabzal korxonalari uchun muhim sanaladi.

“Pukyong” milliy universiteti tomonidan esa kadrlar malakasini oshirish, qoʻshma taʼlim dasturlari asosida sanoat korxonalari uchun malakali mutaxassislar yetkazib berish boʻyicha alohida yoʻl xaritasini ishlab chiqish yuzasidan tashabbuslar bildirildi.

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati bildirilgan taklif va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi. Mazkur loyihalarni samarali hayotga joriy etish boʻyicha oldindagi vazifalarning amaliy va tashkiliy jihatlari muhokama qilib olindi. Xususan,

 joriy yil 27-29-mart kunlari Janubiy Koreyada boʻlib oʻtadigan xalqaro koʻrgazma doirasida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi hamda “Pukyong” milliy universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolanadi.

Ushbu hujjat bilan Uyushmaga aʼzo korxonalarning mutaxassislari Koreyada oʻz malakalarini oshiradi. Ular ekologiya, sanoat texnologiyalari, dizayn, marketing yoʻnalishlarida oʻz bilimlarini mustahkamlaydi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi 

matbuot xizmati.