Bunday qonunbuzarliklar katta jarimalar, imtiyozlarni qaytarish va deportatsiya kabi ogʻir oqibatlarga olib kelmoqda.

Agentlikka koʻra, joriy yilning oʻzida 20 nafar fuqaroga uch tomonlama shartnoma talablarini buzgani uchun 660 million soʻm miqdorida jarima qoʻllanilgan. Deportatsiya qilingan shaxslar esa davlat tomonidan berilgan barcha imtiyozlarni toʻliq qaytarib berishi shart boʻladi. Shuningdek, bunday fuqarolar 1-yil davomida xorijga tashkiliy tartibda yuborilmaydi.

Agentlik quyidagilarni eslatadi: ishdan boʻshatilgan taqdirda fuqaro 1 oy ichida ish qidiruvchi sifatida roʻyxatdan oʻtishi, 3 oy muddatda esa yangi ish beruvchi topib, rasmiy shartnoma tuzishi shart. Aks holda katta jarima, noqonuniy maqom va deportatsiya xavfi yuzaga keladi.

Shartnomaviy tartib-qoidalarga koʻra, “ish joyini kelishmasdan tark etmaslik” — qatʼiy talab. U buzilsa, javobgarlik muqarrar.

Shuningdek, SPAS bazasida turganlarga murojaat qilinmoqda: agar siz shartnoma olgan boʻlsangiz, bu ish beruvchi tomonidan tanlanganingizni anglatadi. “Sizni tanlatib beraman” deb pul talab qiluvchilar — firibgarlar. Bunday holatda 1282 raqamiga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Maslahat va murojaatlar uchun Migratsiya agentligining Koreyadagi vakolatxonasiga murojaat qilish mumkin:

Seul shahri, Jung-gu, Jangchungdan-ro, 213, 1003.

Telefonlar: +82222851341, +82222851343, +821039871661

Email: info@migration.uz