Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va xorijiy davlatlar ish beruvchilari oʻrtasida pandemiya davrida Oʻzbekiston fuqarolarini ish bilan taʼminlash maqsadida olib borilgan muzokaralar natijasida turli davlatlarda koʻplab boʻsh ish oʻrinlari taklif etilib, ularga yurtdoshlarimizni ishga jalb qilish boʻyicha kelishuvga erishilgan edi.
Shuningdek, Agentlik tomonidan Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati bilan olib borilgan muzokaralar natijasida ushbu davlatda ishlash vaqtida mehnat taʼtili olib, Oʻzbekistonga kelgan 23 nafar, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Koreya Respublikasi Kanvondo provinsiyasi, Yanggu okrugi administratsiyasi oʻrtasida tuzilgan kelishuvga asosan Ye-8 vizasi boʻyicha 5 oylik mavsumiy ishlarda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun 149 nafar fuqaro Toshkent xalqaro aeroportidan charter reys orqali Koreya Respublikasiga ketdi.
Fuqarolarga xorijda ishlash davrida qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan vaqtda huquqiy yordam koʻrsatishga yoʻnaltirilgan tarqatma materiallar berildi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.