Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Koreyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan uchrashuvda 100 ta Koreya korxonalari oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomada ular tomonidan bildirilgan muammolar muhokama qilinib, hal etish choralari koʻrildi.
Tadbirda Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Kim Xi San ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning qayd etishicha, soʻnggi yillarda Koreya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik yangi darajaga koʻtarilgan. Koreya Respublikasi Oʻzbekiston bilan tashqi savdo aylanmasi hajmi eng katta boʻlgan davlatlar beshtaligiga kirishi va bugungi kunda yurtimizda Koreya kapitali ishtirokida 930 ta korxona faoliyat koʻrsatayotgani, shundan 380 tasi qoʻshma korxona hamda 550 tasi toʻliq koreya kapitali asosida ishlayotgani buning tasdigʻidir.
Ushbu korxonalar faoliyatining asosiy yoʻnalishlari: savdo, transport va logistika, axborot texnologiyalari, turli xizmatlar koʻrsatish, qurilish va boshqalar.
Aytib oʻtish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Koreyaning qator tashkilotlari, shu jumladan, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Koreya xalqaro savdo uyushmasi, “Koreya-Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi kotibiyati oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida oʻzaro tashriflar va turli koʻlamdagi loyihalar amalga oshirilmoqda.
2022-yil yanvar-sentyabr holatiga koʻra mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo aylanmasi 1,8 milliard AQSH dollarini tashkil etib, 2021-yildagi koʻrsatkichga nisbatan 5,1 foizga oʻsdi. Bunda transport, qurilish, toʻqimachilik, kimyo, oziq-ovqat sohalarini alohida qayd etish lozim.
Koreyalik ishbilarmonlar Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda tizimli ravishda maqsadli iqtisodiy islohotlar amalga oshirilayotganini, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasida bir qator huquqiy va moliyaviy imkoniyatlar yaratilib, respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish choralari amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
Shu bilan birga, koreyalik investorlar oʻz faoliyatida uchrayotgan baʼzi bir muammolarni bayon qildi. Bildirilgan muammolarning aksariyati tadbir davomida tegishli vazirlik va idoralar tomonidan hal etildi, ayrim masalalar boʻyicha esa topshiriqlar berildi.
Ushbu formatdagi uchrashuvlar koreya investorlarining Oʻzbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, ikki davlat ishbilarmon doiralari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va mustahkamlash uchun imkoniyatlarini oʻrganishda oʻzining yuqori natijasini koʻrsatadi.