Bugun viloyat hokimining o'rinbosari Xojiqo'zijon Isaqov Koreya Respublikasining suv loyihalarini amalga oshiruvchi yirik “K-water” korporatsiyasining Markaziy Osiyo bo'yicha bosh direktori Li Che Gu bilan uchrashdi.
Farg'ona shahrida 300 gektar maydonda barpo etilayotgan ekoshahar qurilishi jarayonlari bilan tanishgan koreyalik mehmonga mazkur loyiha haqida batafsil ma'lumot berildi. 7 qavatdan 25 qavatgacha bo'lgan ko'p qavatli turar joylar, ma'muriy binolar, xizmat ko'rsatish maskanlari, ta'lim muassasalari, 50 gektar maydonda qurilishi rejalashtirilgan kichik sanoat zonasi, 70 gektarlik “Yangi O'zbekiston” bog'i “K-water” korporatsiyasining Markaziy Osiyo bo'yicha bosh direktori Li Che Guda katta qiziqish uyg'otdi. U investorlarga yaratilgan qulayliklar, ekoshaharda qurilish ob'ekti barpo etish shartlari bilan bog'liq savollariga javoblar oldi.
Muloqot jarayonida Janubiy Koreyada ham mana shunday loyihalar mavjudligini qayd etgan Li Che Gu ekoshaharda “K-water” korporatsiyasi ofisi faoliyatini yo'lga qo'yish istagi borligini, loyiha bilan yana bir bor tanishib chiqib, hamkorlik chora-tadbirlari belgilanishini ma'lum qildi.
Ma'lumot o'rnida, Janubiy Koreyaning “K-Water” kompaniyasi 1967 yilda tashkil etilgan. Kompaniya suv resurslaridan kompleks foydalanish, yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda qayta tiklanadigan energiya obektlarini qurish va boshqarish sohasida faoliyat yuritadi. Bu haqida Farg'ona viloyati hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.