Xalqimizning mustahkam ishonchi bilan Prezident etib qayta saylangan Shavkat Mirziyoyev oʻz lavozimiga kirishish tantanali marosimida soʻzlagan nutqida milliy taraqqiyotimizning 2030-yilgacha boʻlgan istiqbolli yoʻlini belgilab berdi.
“Qudratli xalqimizga tayanib, aql-zakovatimiz, bilim va tajribamizni ishga solib, islohotlarimiz surʼati va samarasini yanada oshiramiz, hech qachon susaytirmaymiz. Qanchalik qiyin va mashaqqatli boʻlmasin, tanlagan yoʻlimizdan ortga qaytmaymiz”, dedi Prezidentimiz.
Darhaqiqat, amalda ham shunday boʻlmoqda. Saylovning ertasi kuniyoq davlatimiz rahbari kuzatuvchilar missiyasi boshchiligida mamlakatimizda boʻlib turgan MDH bosh kotibi Sergey Lebedevni, SHHT bosh kotibi Chjan Minni qabul qildi. 11-iyul kuni investitsiyalar jalb qilishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi boʻyicha videoselektor yigʻilishini oʻtkazdi. 12-iyulda mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Jahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvilini qabul qildi. Shu kuni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqotda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 13-iyulda esa Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi Tashqi aloqalar qoʻmitasi raisi Fuat Oktay boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
14-iyul kuni, yuqorida ham aytganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimi boʻlib oʻtdi.
20–21-iyul kunlari esa Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, mahallalarga tashrif buyurib, odamlar bilan dildan suhbatlashdi.
Yana bir eʼtiborli jihat. Davlatimiz rahbari Prezident etib saylanganidan keyin ilk xorijiy tashrifini 18–19-iyul kunlari ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan ushbu mamlakatdan boshladi.
Bugun biz mana shu tashrifning amaliy jihatlari haqida toʻxtalmoqchimiz.
Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi birinchi sammitda ishtirok etib, nutq soʻzladi.
Prezidentimiz oʻz nutqida Markaziy Osiyo va Koʻrfaz mintaqasi xalqlarini azaldan Buyuk ipak yoʻlida savdo-sotiq aloqalari, birodarlik oqibatlari va urf-odatlari, eng muhimi, muqaddas islom dinimiz chambarchas bogʻlab turganini taʼkidladi.
Xususan, Movarounnahr va Arabiston diyorlari oʻrtasidagi tarixiy aloqalarni rivojlantirishda buyuk mutafakkir va alloma bobolarimizning beqiyos xizmatlari borligini butun dunyo tan olishini bildirar ekan, “Barcha muhaddislarning peshvosi” – ulugʻ alloma Imom Buxoriy ana shunday faxrli siymolarimizdan biri ekanini yana bir bor eʼtirof etdi. Shuningdek, dunyodagi beqaror vaziyatga qaramay mintaqalarimiz tinchlik-barqarorlik va taraqqiyot makoni boʻlib kelayotgani, ulkan iqtisodiy, tabiiy va intellektual resurslarga ega boʻlgan Koʻrfaz davlatlarining global barqarorlik hamda energetik xavfsizlikni taʼminlashdagi oʻrnini alohida taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida Markaziy Osiyo va Koʻrfaz davlatlari soʻnggi yillarda iqtisodiy aloqalarini yangi bosqichga koʻtargani, bu jarayonda Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniya va banklari bilan amalga oshirilayotgan umumiy loyihalar paketi 20 milliard dollardan ortganiga urgʻu berdi. Siyosiy sohada keng qamrovli aloqalarni turli formatlarda rivojlantirish, yuqori texnologiyalar va investitsiyalar, innovatsiyalar, “sunʼiy” intellekt, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, “aqlli” qishloq xoʻjaligi, nano va biotexnologiyalar sohalaridagi hamkorlik platformalarini yaratish boʻyicha takliflarni ilgari surdi.
Mamlakatlarimiz biznes vakillari ishtirokida Qoʻshma investorlar kengashini taʼsis etish va uning dastlabki yigʻilishini Samarqandda oʻtkazish tashabbusi bildirildi.
Tashrif davomida bugungi kunning istiqbolli “yashil” energetika loyihalarini birgalikda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish chora-tadbirlari belgilab olindi.
Taʼkidlash joizki, Saudiya Arabistoni Oʻzbekistonning davlat mustaqilligini birinchilardan boʻlib tan olgan. Oʻtgan davr mobaynida ikki tomonlama ishonchli hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasi koʻlami kengayib bormoqda.
Keyingi yillarda mamlakatimizning dunyoga ochilishi milliy taraqqiyotimiz uchun mutlaqo yangi davrni boshlab berdi. Mana shu siyosiy qarashlar samarasi oʻlaroq, arab davlatlari bilan ham aloqalar yangicha ruhda qayta rivojlana boshladi. Keng koʻlamdagi konstruktiv hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Xususan, Oʻzbekiston – Saudiya Arabistoni hamkorligining rivojlanish surʼatlari sezilarli darajada faollashdi.
Masalan, oʻtgan 6 yilda Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi savdo hajmi 1,2 barobar ortdi. 2022-yilda oʻzaro savdo hajmi 2021-yilning shu davriga nisbatan qariyb 12,8 barobar oʻsib, 95,5 million dollarni tashkil etdi. Bu yaqin istiqbolda Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasida tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi.
Saudiya Arabistoni kompaniyalarining mamlakatimizda yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishdagi ishtiroki ham katta ahamiyatga ega. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi maʼlumotlariga koʻra, talab katta boʻlgan yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxonalarni koʻpaytirish muhim sanaladi. Shu maqsadda “Saudi Aramco” kompaniyasi Oʻzbekistonda neft va gazni qidirish, qazib olish va qayta ishlashga jalb etilishi ham iqtisodiy sohadagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishga katta zamin yaratadi. Joriy yilda Saudiya Arabistoni bilan “yashil” vodorodni ishlab chiqarish boʻyicha yirik loyiha ishga tushirilishi ishonchli hmkorligimiz namunasi boʻladi.
Shuningdek, savdo va transport bogʻliqligini kuchaytirish, erkin savdo rejimini joriy etish, texnik reglamentlarni uygʻunlashtirish va elektron tijoratni rivojlantirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, Koʻrfaz davlatlariga organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish mexanizmlarini tatbiq etish loyihalari ham istiqbolli sanaladi.
Davlatimiz rahbari transport va tranzit sohasida Oʻrta transport koridorida eng maqbul tariflarni qoʻllash, mavjud multimodal yoʻlaklardan keng foydalanish va toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni maqsadli subsidiyalash yordamida koʻpaytirish taklifini ilgari surdi. Xususan, Koʻrfaz davlatlarini eng yaqin va qulay yoʻl orqali mintaqamiz bilan bogʻlaydigan Trans-Afgʻon temir yoʻlini qurish strategik loyihasida Saudiya Arabistoni faol ishtirok etishga taklif etildi.
Agar ikki mintaqani bogʻlaydigan mazkur temir yoʻl ishga tushirilsa transport xarajatlari va yuklarni yetkazib berish muddatini ikki barobar qisqartirish imkoniyati paydo boʻladi. Bu yoʻnalishda aniq takliflar ishlab chiqib, amalga oshirish maqsadida savdo va transport hamkorligini yoʻlga qoʻyish umumiy manfaatlarimizga xizmat qiladi.
Globallashuv sharoitida ekologiya va iqlim oʻzgarishlari masalasi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, Prezidentimiz Global Iqlim sammiti bu yil Dubayda boʻlib oʻtishini Koʻrfaz davlatlarining mazkur yoʻnalishda erishayotgan yutuqlari sifatida eʼtirof etdi.
Davlatimiz rahbari “Yaqin Sharq yashil tashabbusi” mintaqa ekologik tizimini tubdan yaxshilashga salmoqli hissa qoʻshayotganini taʼkidlab, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti negizida birgalikda xalqaro tadqiqotlar dasturini tayyorlash tashabbusini ham ilgari surdi.
Shu oʻrinda aytish joizki, Oʻzbekiston 2018-yilda ekologik toza energiya manbalarini rivojlantirish maqsadida YAIM birligiga toʻgʻri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 2030-yilga borib 2010-yilga nisbatan 10 foiz kamaytirish boʻyicha miqdoriy majburiyatni oʻz zimmasiga olgan holda Parij bitimini ratifikatsiya qilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda “ACWA Power”, “Masdar”, “Mubadala”, “TACA”, “Nebras Power” kabi yetakchi kompaniyalar bilan umumiy quvvati 15 gigavattdan ortiq quyosh va shamol stansiyalarini barpo etish hamda energiyani saqlash loyihalari amalga oshirilayotgani tahlil qilindi.
Keng koʻlamli savdo iqtisodiy hamkorlikda bugungi tovar ayirboshlash hajmi 20 foiz, qoʻshma korxonalar soni ikki barobar oshdi. Yetakchi “ACWA Power” kompaniyasi ishtirokida “yashil” energetikada muhim loyihalarni amalga oshirish boshlandi. “Yashil” vodorod, neft-kimyo, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, tibbiyot, turizm va boshqa tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Prezidentimiz turizm sohasiga toʻxtalib, Koʻrfaz davlatlari aholisiga vizasiz tartib joriy etilganini alohida qayd etdi va turizm infratuzilmalari yangi Oʻzbekistonda jadal rivojlanayotganini bildirdi.
“Koʻrfaz – Markaziy Osiyo” yagona vizasiz sayyohlik makonini va turistlar uchun moʻljallangan zamonaviy klasterlarni yaratish, qoʻshma turistik mahsulotlarni koʻpaytirish va mintaqalarimiz yetakchi sayyohlik operatorlari forumini 2024-yilda Islom dunyosi turizm poytaxti, deb eʼlon qilingan Xiva shahrida oʻtkazish taklifi berildi.
Milliy ekspertlarimiz Oʻzbekiston Prezidentining Saudiya Arabistoniga amaliy tashrifi taraqqiyotimizda keng imkoniyatlar ochishiga ishonch bildirmoqda. Bu fikrni oliy darajadagi muzokaralar tahlili va erishilgan natijalar koʻlami ham namoyon etadi.
“Bugungi muloqotimiz, bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar aloqalarimizning katta salohiyatini koʻrsatdi. Mintaqalarimiz endi uchrashmoqda va katta hamkorlik eshigini ochmoqda”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Sammit doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi, Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashuv ham samarali kechdi.
Uchrashuvda 2022-yilning avgust oyida boʻlib oʻtgan ikki tomonlama sammit davomida qabul qilingan bitim va kelishuvlarni soʻzsiz amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.
Mazkur tashrif natijalari, albatta, Markaziy Osiyo va Koʻrfaz arab davlatlari oʻrtasidagi koʻp qirrali aloqalarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Shavkat Mirziyoyevning Prezident etib qayta saylangan kunlari Saudiya Arabistoniga tashrif buyurishi ham katta maʼno kasb etdi va qutlugʻ mujdalardan darak bergandek edi.
19-iyul – islom olamida boshlangan hijriy 1445-yil muharram oyining birinchi kunida davlatimiz rahbari ehromga kirib, umra amallarini bajardi. Kaʼbatullohning ichida namoz oʻqish sharafiga muyassar boʻldi.
Shavkat Mirziyoyev dinimiz arkonlariga muvofiq Baytulloh atrofida yetti bor tavof, Safo va Marva tepaliklari orasida yetti marta saʼy qildi. Vatanimiz ravnaqi, el-yurtimiz tinchligi va farovonligi, barcha yurtdoshlarimiz, yosh avlodimiz baxtu iqboli va yorqin kelajagini tilab duolar qilindi.
Bugun xalqimiz davlatimiz rahbari boshlagan katta islohotlarga ishonch bildirib, oʻz Prezidentini sayladi. Bu koʻpchilikning tanlovi va siyosiy xohish-istagi edi.
Oʻz navbatida, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham “Hayotimning maʼno-mazmuniga aylangan buyuk maqsad – Yangi Oʻzbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yoʻlida sizlar bilan, butun xalqimiz bilan birga tinimsiz ishlashga, bor kuch-gʻayratim, bilim va salohiyatimni safarbar etishga tayyorman”, deya xalqimizga oʻz soʻzini aytdi.
Xalqimiz biror ezgu ishga qoʻl urar ekan, albatta, Yaratgandan yaxshi niyatlar ijobatini soʻrab, duoga qoʻl ochadi. Davlatimiz rahbarining Baytulloh atrofida qilgan duolari ham eʼtiqodiy qarashlarimizning ifodasi sifatida boʻy koʻrsatib, boshlagan ulugʻ ishlarimiz debochasi boʻlsa, ne tong!
Qoʻngʻirotboy SHARIPOV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori