Ular mahalliy darajada ham, xalqaro miqyosda ham innovatsiyalar almashinuvi, savdo munosabatlarining kengayishi, madaniy muloqot va turizm rivojlanishiga xizmat qiladi. Bugun koʻrgazmalar nafaqat mahsulot va xizmatlar namoyish qilinadigan maydon, balki global biznes strategiyalarini shakllantiradigan platforma vazifasini ham oʻtayapti.
Mahalliy va xalqaro koʻrgazmalar ishlab chiqaruvchilarga oʻz mahsulotini keng auditoriyaga taqdim etish, yangi mijozlar topish va eksport hajmini oshirish imkonini beradi. Bu orqali yangi shartnomalar imzolanadi, tadbirkorlar bozorga kirib keladi, qolaversa, soliq tushumi ham koʻpayadi.
Soʻnggi yillarda yurtimizda ham ushbu yoʻnalish rivojlandi. Mamlakatimizning barcha hududidagi katta-kichik pavilyonlarda oʻtkazilayotgan turli koʻrgazmalarning mavzusi, yoʻnalishi, ishtirokchilar tarkibiga nazar solgan kishi yuqoridagi mulohazalar haqiqatdan uzoq emasligiga guvoh boʻladi. Mazkur tadbirlarning jamiyat va iqtisodiyotga taʼsirini sohaning koʻplab mutaxassislari ham eʼtirof etadi.
Bundan tashqari, muvaffaqiyatli tashkil etilgan xalqaro koʻrgazmalar xorijiy investorlar uchun mamlakat iqtisodiy salohiyati bilan tanishish imkonini beradi. Investorlar sanoat, qishloq xoʻjaligi, axborot texnologiyalari, turizm kabi sohalardagi loyihalarga sarmoya kiritadi, texnologiyalar va nou-xaular bilan oʻrtoqlashadi, yangi ish joylari ochilishiga turtki beradi.
Masalan, Iteca Exhibitions kompaniyasi bundan 30 yil muqaddam Oʻzbekistonda faoliyat boshlagan. Oʻtgan vaqt mobaynida u yangi formatdagi koʻrgazma sanoati – xorijiy kompaniyalar ishtiroki va yuqori xalqaro standartlar asosida sohani rivojlantirish uchun samarali zamin yaratishga muvaffaq boʻldi. Yaʼni koʻrgazma sanoatiga yetakchi global ishtirokchilar amal qiladigan standartlarni joriy etdi. Bu fakt Iteca Exhibitions kompaniyasining sohada barqaror yetakchiligini taʼminlamoqda.
– Koʻrgazma sanoati har doim mamlakatdagi progressiv oʻzgarishlarning koʻrsatkichi sifatida professionallik darajasi va biznesning rivojlanishga tayyorligini aks ettiradi, – deydi Iteca Exhibitions kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanova. – Bugun bozor faol ravishda oʻzgarib bormoqda: yangi operatorlar va maydonchalar paydo boʻlmoqda, zamonaviy tadbirlar formati joriy etilmoqda, butun sanoat uchun yuqori standartlar va yangi mezonlar oʻrnatilmoqda.
Dastlabki loyihalar 1995-yilda boʻlib oʻtgan “Sogʻliqni saqlash – TIHE” va 1997-yilda tashkil etilgan “Oʻzbekiston neft va gazi – OGU” bilan boshlangan edi. Vaqt oʻtishi bilan ular butun Markaziy Osiyo uchun muhim voqeaga aylandi. Bugun kompaniya portfoliosida 20 ta koʻrgazma mavjud. Ularning har biri sohada yetakchi oʻrin egallaydi va tegishli sohalarni rivojlantirish uchun mezonlarni belgilaydi.
Ushbu tadbirlar Oʻzbekistonning xalqaro koʻrgazma xaritasidagi obroʻsini oshiradi, mamlakatning ishonchli biznes sherik sifatidagi imijini mustahkamlaydi va jadal iqtisodiy rivojlanishini namoyon etadi. Koʻrgazmalar va anjumanlarning ovozasi Oʻzbekistondan tashqariga ham yoyildi. Bu ishtirokchilarning miqdor va sifat jihatidan tarkibi, shuningdek, xorijiy va mahalliy auditoriyaning doimiy eʼtiboridan dalolat beradi. UzBuild, UzFood, CAITME, TIHE, OGU va TextileExpo Uzbekistan kabi koʻrgazmalar milliy brend maqomini oldi va mamlakatdan tashqarida ham eʼtibor qozondi.
– Biz kompaniyamizga “Iteca Exhibitions Oʻzbekiston iqtisodiyotiga xizmat qilishdan faxrlanadi!” degan shior tanlaganmiz va barcha saʼy-harakatlarimizda bu oʻz aksini topadi, – deydi Nigora Hasanova. – Tajriba yaxshi tashkil etilgan koʻrgazma va anjumanlar xavfsizlik va elektronikadan tortib qurilish, energetika, yengil va ogʻir sanoatgacha boʻlgan koʻplab sohalarda ijobiy tendensiyalarni ragʻbatlantirishini koʻrsatadi. Har bir tadbir tajriba almashish, hamkorlikni rivojlantirish va innovatsiyalarni ilgari surish uchun platformaga aylanadi.
Ishtirokchilarning soʻroviga koʻra, koʻplab kompaniyalar uchun koʻrgazmalarda ishtirok etish mamlakat bozoriga kirishning zaruriy elementiga aylangan. Bu yerda ular mijozlar, distribyutorlar, professional uyushmalar va davlat idoralari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa oʻrnatadi, biznes aloqalarini kengaytiradi, shartnomalar tuzadi va kelajakdagi loyihalarni muhokama qiladi.
– Koʻrgazmalarning turizm va xizmatlar sohasi rivojidagi ahamiyati beqiyos, – deydi iqtisodchi Gulshan Moʻminova. – Tadbirlar oʻtayotgan hududlarda mehmonxonalar, transport, ovqatlanish, koʻngilochar xizmatlarga talab koʻpayadi. Natijada xizmatlar sohasi aylanmasi oshadi, kafe, turar joylar, servis markazlari kabi kichik bizneslar daromadi oshadi. Shuningdek, bu shahar infratuzilmasining rivojlanishiga ham sabab boʻladi. Eʼtiborga molik yana bir jihati, xalqaro koʻrgazmalar turli xalqlar, sivilizatsiyalar va madaniyatlar oʻrtasida muloqotni mustahkamlaydi, ijtimoiy faollik oshishiga xizmat qiladi. Jamiyat bu orqali yangi bilim va tajribaga ega boʻladi, zamonaviy tendensiyalarni kuzatadi, madaniy bagʻrikenglik va hamjihatlik rivojlanadi.
Yana Iteca Exhibitions misolida tahlil qiladigan boʻlsak, 2025-yili kompaniya ishtirokida yurtimizda 20 ta xalqaro koʻrgazma, toʻrtta nufuzli forum va 36 ta tematik seminarlar tashkil etildi. Tadbirlarda 55 mamlakatdan 4311 ta kompaniya va brend, 251 ta spiker va moderator hamda 3 957 ta delegat ishtirok etdi. Bu mamlakatimiz hududida tashkil etilayotgan koʻrgazma tadbirlarining xalqaro darajasi va ahamiyatini tasdiqlaydi. Koʻrgazmalarda nafaqat jahon yetakchilari va taniqli brendlar, balki koʻplab mahalliy ishlab chiqaruvchilar ham ishtirok etdi. Bu mahalliy korxonalarning yutuqlarini namoyish etish va ularning eksport salohiyatini oshirishga yordam berdi.
Nodir MAHMUDOV.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri











