Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik subyektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida

    Hujjatlar 21 Iyul 2020 4783

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

    Koronavirus pandemiyasi davrida aholini, ayniqsa, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasidagi tadbirkorlik subyektlarini qoʻshimcha ravishda qoʻllab-quvvatlash, ularning daromadlarini taʼminlash, sanitariya-epidemiologik vaziyat yaxshilanishiga qarab ushbu subyektlarni jadal qayta tiklash, shuningdek, ish oʻrinlarini saqlab qolish maqsadida:
    1. Belgilansinki:

    a) 2020-yil 1-iyuldan 2020-yil 31-dekabrga qadar:

    umumiy ovqatlanish korxonalari va binolarni ijaraga berishga ixtisoslashgan korxonalar aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashdan ozod etiladi;

    jismoniy shaxslar koʻchmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻlashdan ozod etiladi;

    mol-mulkini (binolar va avtomobil transporti) ijaraga beruvchi jismoniy shaxslarga soliq maqsadida ijara toʻlovlarining eng kam stavkalarini qoʻllash tartibi toʻxtatib turiladi;

    ijaraga beruvchilarga 2020-yil uchun ijara toʻlovi miqdorini pasaytirish maqsadida, shu jumladan, taqdim etilayotgan soliq imtiyozlarini inobatga olgan holda ijara toʻlovini qayta koʻrib chiqish tavsiya etilsin;

    b) 2020-yil 1-apreldan 2020-yil 31-dekabrga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻimni toʻlashdan ozod qilinadi;

    v) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–5969-son Farmonida belgilangan alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalarning ajratmalari miqdorini 5 foizdan 3 foizga pasaytirishga doir imtiyoz muddati 2020-yil 31-dekabrga qadar uzaytiriladi;

    g) umumiy ovqatlanish korxonalariga alkogol mahsulotlarini yetkazib berish orqali sotish huquqi beriladi.

    2. Umumiy ovqatlanish korxonalari uchun kichik tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etilgan imtiyozlar va preferensiyalarni qoʻllagan holda, ularni kichik korxonalar toifasiga kiritish maqsadida 2020-yil 1-iyuldan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari uchun belgilangan xodimlarning yillik oʻrtacha soni 25 nafardan 50 nafarga oshirilsin.

    3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2021-yil 1-iyulga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari karantin cheklovlarining bekor qilinishiga qarab Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan oʻrnatilgan joylashtirish, qurish va foydalanish boʻyicha vaqtinchalik talablarga rioya qilgan holda hamda tuman (shahar) hokimliklarini xabardor qilish orqali isteʼmolchilarga ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatish uchun oʻzlariga tutash boʻsh yer uchastkalarida yengil konstruksiyalarni bepul joylashtirish va qurish huquqiga ega.

    4. Belgilansinki, 2021-yil 1-iyulga qadar karantin cheklovlarining bekor qilinishiga qarab tadbirkorlik subyektlariga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan shartnoma tuzmasdan davlat soliq xizmati organlarini savdo muddati, mahsuloti va transport toʻxtashi taqiqlanmagan joylarni koʻrsatgan holda xabardor qilish orqali avtodoʻkon, avtomagazin, avtotirkama, avtotsisterna va fudtraklar orqali savdo qilish huquqi taqdim etiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi oʻzining rasmiy sayti va mobil ilovalar orqali koʻchma savdoni boshlash toʻgʻrisida elektron xabarnomalarni bepul qabul qilishni taʼminlasin.

    5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

    ikki kun muddatda umumiy ovqatlanish korxonalarida isteʼmolchilarga ovqatlanish yoki hordiq chiqarish xizmatlarini koʻrsatish uchun yengil konstruksiyalarni joylashtirish, qurish va ulardan foydalanish boʻyicha vaqtinchalik talablarni tasdiqlasin;

    2021-yil 1-yanvarga qadar xalqaro tajribadan kelib chiqib, umumiy ovqatlanish korxonalarining mavsumiy kafelari ishlashi, shuningdek, koʻchma savdoni amalga oshirish tartibini tasdiqlasin.

    6. Belgilansinki, 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilangan hollarda, soliq toʻlovchilarga soliq hisobotlarini taqdim etish muddatlarini besh kundan koʻp boʻlmagan muddatga kechiktirganlik uchun jarima solinmaydi.

    7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-maydagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–5996-son Farmonida belgilangan quyidagi soliq imtiyozlari va preferensiyalari 2020-yil 31-dekabrga qadar uzaytirilsin:

    a) mol-mulk soligʻi va yer soligʻini toʻlashdan ozod qilish boʻyicha berilgan imtiyozlar:

    kichik tadbirkorlik subyektlari;

    bozorlar va savdo komplekslari, kinoteatrlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, jamoat transporti korxonalari, sport-sogʻlomlashtirish muassasalari, shuningdek, yoʻlovchi tashish, maishiy xizmatlar koʻrsatish, binolarni, shu jumladan, banketlar oʻtkazish uchun ijaraga berish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar uchun;

    b) ijtimoiy soliq stavkasini 12 foizdan 1 foizga pasaytirish boʻyicha mikrofirma va kichik korxonalar uchun berilgan imtiyozlar (aksizosti mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar, davlat korxonalari va ustav jamgʻarmasida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan yuridik shaxslar bundan mustasno);

    v) bojxona organlariga murojaat qilgan kungacha bir yildan kam boʻlmagan muddat davomida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirayotgan mikrofirma va kichik korxonalarga, keyinchalik kechiktirilgan summani 120 kun mobaynida teng ulushlarda toʻlash sharti bilan, tovarlarni (isteʼmol tovarlaridan tashqari) olib kirishda undiriladigan bojxona boji va aksiz soligʻini toʻlash muddatini kechiktirish taqdim etish;

    g) mikrofirma va kichik korxonalarda 2020-yil 15-may holatiga soliqlar, penyalar va soliq qonunchiligini buzganlik uchun hisoblangan jarimalar boʻyicha mavjud boʻlgan qarzdorlikni undirishni toʻxtatish.

    Belgilansinki, umumiy ovqatlanish korxonalari ijtimoiy soliqning pasaytirilgan stavkasini ishchilarning sonidan qatʼi nazar qoʻllaydi.

    8. Vakolatli organlar auditorlar, rieltorlar, baholovchilar, aktuariylar, apteka va ularning filiallari mudirlari, turistik tashkilotlarning ishchilari va gidlar (ekskursovodlar), xorijiy tillarga oʻqituvchilarning 2020-yil 1-martda tugaydigan malakaviy sertifikatlari muddatini navbatdagi malakaviy imtihonlarni oʻtkazish sanasiga qadar uzaytirsin.

    9. Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondiga, “Saxovat va koʻmak” fondiga, “Oʻzbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga, shu jumladan, ularning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlardagi boʻlinmalariga begʻaraz yordam berish (begʻaraz yordam olish) qismida foyda soligʻi, qoʻshilgan qiymat soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi boʻyicha imtiyozlarning amal qilishi 2020-yil 31-dekabrga qadar uzaytirilsin.

    Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa, shuningdek, bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha onalarga beriladigan nafaqalar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini hisoblashda jami daromadga kiritilmaydi.

    10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.


    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,
    2020-yil 20-iyul