Respublika perinatal markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Nilufar Oʻrinbayeva shu haqdagi tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi.
Hozirgi kunda kasallikning yangi shtammi yengil kechayotgani sababli unga chalingan homilador ayollar aksariyat hollarda uy sharoitida davolansa boʻladi. Bu vaziyatda xastalik ham ona, ham tugʻilajak bola salomatligiga xavf tugʻdirmaydi.
Ularda yangi shtamm asosan simptomsiz va yengil shaklda kechmoqda. Bu holatda tana harorati 38,5 °S darajadan past, nafas yetishmovchiligi yoʻq, saturatsiya 94 foizdan yuqori boʻlishi kuzatilyapti.
Ushbu vaziyatda oilaviy shifokor tomonidan bemorga uy sharoitida ambulator davo muolajalari tayinlanadi. Agar homiladorning tana harorati koʻtarilsa, 3 kun davomida kuniga 4-marta paratsetamol tabletkasi berish mumkin.
Shuningdek:
- 10 kun davomida sutkasiga 1-marta vitamin D — 5000ME;
- 10 kun davomida sutkasiga 1-marta 100 mgdan sink (rux) preparati;
- 15 kun davomida sutkasiga 2-marta 2 500dan vitamin S qabul qilinadi, xolos.
Davolanish paytida koʻproq suyuqlik ichish, qoʻllarni tez-tez sovunli suv bilan yuvish hamda burun va tomoqni chayish, xonalarni shamollatib turish tavsiya etiladi. Uy sharoitida oʻzboshimchalik bilan antibiotik va gormonlarni qabul qilish mutlaqo mumkin emas.
Agar koronavirusga chalingan homilador ayolning tana harorati kasallik davrida 38,5 °S darajadan tushmasa, nafas olishi tinch holatda ham tezlashsa va saturatsiya 93 foizdan past boʻlsa, darhol shifokorga murojaat qilinadi va bemor statsionar davolashga yoʻnaltiriladi.
Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.