— Dunyoning koʻplab mamlakatlarida bu mavzuda yigʻilishlar oʻtkazilgan, lekin hali biror joyda ilmiy anjuman tashkil etilgani yoʻq. Oʻzbekiston bu borada birinchi boʻldi, — dedi konferensiyada onlayn ishtirok etayotgan Harvard universiteti (AQSH) professori Rafail Kushak. — Yurtingizda koronavirusdan himoyalanish, infeksiya tarqalishining oldini olish, uning aholi salomatligi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha ijobiy natijalarga erishildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xizmati boshligʻining oʻrinbosari Nurmat Otabekovning aytishicha, virusli kasalliklarning ushbu yangi turi insoniyat uchun sinov boʻlib, ayni paytda dunyo xalqlarlariga oʻz imkoniyatlarini toʻgʻri baholashga turtki boʻldi.
Ushbu nufuzli yirik tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim hamda Sogʻliqni saqlash vazirliklari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Odam va hayvonlar fiziologiyasi kafedrasi hamkorligida tashkil etildi. Unda jahonning 20 dan ortiq davlatlaridan yetuk mutaxassislar, yurtimiz va xorijning oʻnlab farmatsevtika kompaniyalari ishtirok etmoqda.
— Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga qaraganda, yuqumli kasalliklarning 80 foizini virusli kasalliklar tashkil etadi, — deydi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti professori, akademik Bakriddin Zaripov. — Yuqumli kasalliklar koronavirusga oʻxshash yangi turlari paydo boʻlayotgani nafaqat sogʻliqni saqlash xodimlari, balki ilmiy jamoatchilik, ayniqsa, fiziolog olimlarni izlanishga, “yangidan paydo boʻlayotgan”, “qaytayotgan” sifatiga mansub kasallkilarni bartarf etishga xizmat qiladigan ilmiy-tadqiqodlar olib borishga undamoqda.
Bugungi konferensiyada koronavirusning biologiyasi, fiziologiyasi va bu kasallikning oldini olish yoʻllari boʻyicha amalga oshirilgan ilmiy ishlar yakunlari muhokama qilinyapti. Quvonarlisi, ular orasidan eng maqbullarini amaliyotga tatbiq qilish masalalari ham koʻrib chiqilyapti.
Dolzarb mavzularda maʼruzalar oʻqiyotgan chet ellik ekspertlar koronavirus tarqalishining oldini olish, infeksiya zanjirini uzish, bemorlarni davolash va aholi salomatligini mustahkamlash boʻyicha Oʻzbekistonda koʻplab ijobiy yutuqlar qoʻlga kiritilganini eʼtirof etishmoqda. Ayniqsa, polimeraza zanjir reaksiyasi usulida tahlil oʻtkazishga ixtisoslashgan virusologik laboratoriyalar tizimi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani, kasallikka qarshi emlash jarayonida aholiga vaksinani tanlash imkoniyati yaratilgani yuqori baholandi.