— Koronavirusga qarshi vaksinani 1-bosqichini olganlarda immunitet hujayralar paydo boʻlishi vaksina olgan kunidan 14 kun oraligʻida koʻtarilishni boshlaydi va uning maksimal koʻtarilish darajasi oxirgi bosqich (yaʼni 2- yoki 3-bosqich) vaksinani olgandan 30-60 kunlar, baʼzilarda esa 90 kun oraligʻida erishiladi.
Bu immun tizimi necha kun yoki yil saqlanishi boʻyicha butun dunyoda va oʻzimizning olimlar ham nazorat qilib bormoqdalar. Vaqt oʻtib immun hujayralarning saqlanish muddatlari haqida aniq maʼlumotlar beriladi.
Bugungi kunda mavjud maʼlumotlardan olimlarning taxminlari eʼlon qilinib borilmoqda. Shunga koʻra, ular baʼzi vaksinalar 1 yil, baʼzilari 2 yil, baʼzi vaksinalar esa umrbod immun himoya hosil qiladi deb xulosa qilmoqdalar.
Shunga qaramay, vaksina olayotganlar va olganlar bilishlari kerakki, vaksina olib, immun himoyadaman, deb xulosa qilishga shoshilmang. Pandemiya tugagani yoʻq, koʻrib turganingizdek, toʻlqinlar paydo boʻlib turibdi. Shuning uchun doimiy karantin qoidalariga rioya qilish barcha infeksion kasallikdan saqlaydi.