Korrupsiyaga qarshi kurashish — mamlakatimizda jadal surʼatlarda olib borilayotgan huquqiy islohotlar sharoitida har bir insonning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilish hamda qonun ustuvorligini taʼminlashning muhim vositalaridan biri hisoblanadi.

 OʻzTTSA qoshidagi “Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi” DUKda tashkil etilgan davra suhbatida manfaatlar toʻqnashuvi hamda korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar toʻgʻrisida soʻz yuritildi.

Maʼlumki, 2017-yil yanvar oyida davlatimiz rahbari tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingan boʻlib, undan maqsad ushbu illatga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir. Hujjatda korrupsiyaning oʻzi nima, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik, manfaatlar toʻqnashuvi kabi iboralarga batafsil taʼrif berilgan. Ushbu Qonun undan soʻng qabul qilingan sohaga oid barcha hujjatlar uchun asos sifatida qabul qilinadi.

— Davlatimiz rahbari 2020-yil 24-yanvar kuni Oliy Majlisga qilgan murojaatida korrupsiya holatlari taraqqiyotga gʻov boʻlayotgani, bunday yovuz baloning oldi olinmasa, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib boʻlmasligi, umuman, jamiyatning birorta tarmogʻi rivojlanmasligini alohida taʼkidlab oʻtgan. Korrupsiyaga qarshi kurash faoliyatiga eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmasa, jamiyatimizning barcha aʼzolari, taʼbir joiz boʻlsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmasa, oldimizga qoʻygan yuksak marralarga erishishimiz dargumon ekanligiga urgʻu bergan, — dedi Markaz yuridik koʻmaklashish va komplayens boʻlimi bosh mutaxassisi Alixon Naimov.

Taʼkidlash lozimki, davlat organlarida joriy etilgan maxsus “Komplayens nazorat boʻlinmalari” yoki “Odob-axloq komissiyalari” kadrlar xizmati bilan hamkorlikda manfaatlar toʻqnashuvini hal etish qoidalariga rioya etilishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi.

 — Markazimizda ham “Odob-axloq toʻgʻrisida Nizom”, buyruq, maxsus komissiyaning vazifalari ishlab chiqilmoqda. Shu bilan birga manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish yoki uni bartaraf etish talablari buzilishiga yoʻl qoʻygan xodimlar, shuningdek, ularning rahbarlari qonun hujjatlariga muvofiq tegishli tartibda javobgar boʻlishi belgilab qoʻyilgan, — deya aniqlik kiritdi Markaz kadrlar boʻlimi boshligʻi Doniyor Akbarxodjayev.

Maʼlumki, 10-may kuni Adliya vazirligi tomonidan “Manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi. Ushbu hujjat 5 ta bob, 31 ta moddadan iborat. Har bir fuqaro loyiha bilan tanishib chiqib, 25-mayga qadar oʻz munosabatini bildirishi mumkin.

Tadbirda komplayens boʻlimi bosh mutaxassisi tomonidan ushbu hujjat loyihasi har tomonlama izohlandi va markaz xodimlari tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berildi.

— Ushbu jinoyatlarni ochiqdan-ochiq eʼlon qilib, korrupsiyani bartaraf etish boʻyicha amaliy ishlarni yakuniga yetkazish hamda ularning ildizlariga bolta urish uchun davlat rahbarimizda katta istak va kuchli siyosiy iroda mavjudligi koʻryapmiz. Bu kurashda hech kim befarq boʻlishi kerak emas. Korrupsiyaga undovchi omillarni ochiqchasiga muhokama qilib biz ham umumiy kurashga qoʻshilishimiz kerak, — dedi Markaz strategik rivojlantirish va menejment tizimini qoʻllab-quvvatlash boʻlimi bosh mutaxassisi Botir Gʻofurov.