Qaror loyihasiga koʻra, korrupsiya holati haqida xabar qilgan shaxslarga quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi:
a) korrupsiyaga oid maʼmuriy huquqbuzarlik haqida berilgan xabar uchun ‒ bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari;
b) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud oʻzlashtirilayotgan (oʻzlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravarigacha boʻlsa, bazaviy hisoblashning quyidagi miqdorida:
ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat uchun ‒ besh baravar;
uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat uchun ‒ yetti baravar;
ogʻir jinoyat uchun ‒ oʻn baravar;
oʻta ogʻir jinoyat uchun ‒ oʻn besh baravar;
v) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud oʻzlashtirilayotgan (oʻzlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan yuz baravarigacha boʻlsa, bazaviy hisoblashning quyidagi miqdorida:
ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat uchun ‒ oʻn baravar;
uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat uchun ‒ oʻn besh baravar;
ogʻir jinoyat uchun ‒ yigirma baravar;
oʻta ogʻir jinoyat uchun ‒ yigirma besh baravar;
g) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud oʻzlashtirilayotgan (oʻzlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan koʻp boʻlsa, quyidagi foiz hisobida hisoblanadi:
ancha miqdor uchun ‒ oʻn besh foizi;
koʻp yoki juda koʻp miqdor uchun ‒ oʻn foizi.
Bunda, pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud oʻzlashtirilayotgan (oʻzlashtirilgan) mulkning qiymatini foizlarda hisoblashda qonunchilikda belgilangan miqdorning eng kam miqdoridan kelib chiqiladi.
d) qidiruvda boʻlgan shaxsning yashiringan joyi haqida xabar berganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari, ikki nafar qidiruvda boʻlgan shaxslarning yashiringan joyi haqida xabar berganligi uchun esa ‒ yetti baravari miqdorida.
Korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilish va uni fosh etishda ahamiyatga ega boʻlgan dalillar haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berganlik yoki bunday toifadagi jinoyatlarni tergov qilish yoxud tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda bevosita koʻmaklashganlik uchun tashakkurnoma yoki esdalik sovgʻa shaklida ragʻbatlantirish tarzida taqdirlanadi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari bundan mustasno.
Quyidagi holatlarda:
ikki va undan ortiq korrupsiyaga oid maʼmuriy huquqbuzarlik haqida xabar berganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravari;
har xil tasnifdagi ikki va undan ortiq korrupsiyaga oid jinoyatlar haqida xabar berganlik uchun ushbu jinoyatlarning ijtimoiy xavfliligidan kelib chiqib ogʻirroq tasnifi boʻyicha bir marotaba;
bir xil tasnifdagi ikki va undan ortiq korrupsiyaga oid jinoyatlar haqida xabar berganlik uchun bir marotaba;
korrupsiyaga oid maʼmuriy huquqbuzarlik yoki jinoyat haqida yoxud qidiruvdagi shaxs toʻgʻrisida ikki nafar shaxsning bergan xabari uchun Nizomning 8 va 10-bandlarida koʻrsatilgan pul mukofoti miqdorining teng ulushda ragʻbatlantiriladi.
Shaxs korrupsiyaga qarshi kurashishga munosib hissa qoʻshganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq davlat mukofotiga ham tavsiya etilishi mumkin.
Quyidagi qarorlardan biri qabul qilingandan soʻng ragʻbatlantirish masalasi koʻrib chiqiladi:
sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi 84-moddasi birinchi qismining 1‒3-bandlari, uchinchi qismi hamda beshinchi qismining 1-bandi asosida ayblilik toʻgʻrisidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish haqidagi qaror prokuror tomonidan tasdiqlangan yoki sudning ajrimi qonuniy kuchga kirganda;
qidiruvdagi shaxsga nisbatan qidiruvning bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi prokurorning, surishtiruvchining, tergovchining qarori yoki sudning ajrimi qabul qilinganda.
Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarni ragʻbatlantirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.