Oʻzbekiston huquq ustuvorligi indeksining “korrupsiya mavjud emasligi” indikatori boʻyicha 19 pogʻonaga koʻtarildi. World Justice Project tashkiloti tomonidan huquq ustuvorligi indeksining 2021-yilgi nashri eʼlon qilindi. Eʼtiborli tomoni, indeksda Oʻzbekiston 14 pogʻona yuqorilab bu borada eng yaxshi natija koʻrsatgan 3 ta davlatdan biriga aylandi. Mamlakatimiz umumiy reytingda 85-oʻrindan joy olgan.

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini mazkur hisobotda yaqqol koʻrish mumkin. Tadqiqotda keltirilishicha, aynan korrupsiya mavjud emasligi indikatori boʻyicha Oʻzbekiston 89-oʻrindan  19 pogʻona koʻtarilib, 70-oʻrinni egallagan. Bu boshqa indikatorlar bilan solishtirganda eng yuqori oʻzgarishdir. Bir jihati eʼtiborliki, oʻtgan yilgi hisobotdan farqli oʻlaroq joriy yilgi nashrda yana 11 ta mamlakat indeksi ham qoʻshilgan.

Shak-shubhasiz, indeks natijalari mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish ortga qaytmas tus olgani, ushbu illatga qarshi amaliy va taʼsirchan choralar koʻrilayotganidan dalolat beradi.

Maʼlumot uchun aytish kerakki, huquq ustuvorligi indeksi natijalari 138 mingta uy xoʻjaligi va 4 mingdan ortiq huquqshunos va mutaxassislar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovlar asosida shakllantirilgan. Mazkur indeks Jahon bankining boshqaruv sifati indikatorlari, Transparency International tashkilotining korrupsiyani qabul qilish indeksini shakllantirishda eng muhim axborot manbalaridan biri boʻlib xizmat qiladi, deb xabar beradi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati.