Qonun bilan davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat idoralarida mehnat qilayotgan 100 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati, ularning maqomi hamda huquq va majburiyatlari, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatiga kirish hamda ushbu tizimda korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvini oldini olishga oid munosabatlar tartibga solingan.

Vakolatli organ etib — Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi belgilandi.

Qonun bilan davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilishdan tortib, ishdan boʻshatishgacha boʻlgan barcha jarayonlarda maksimal darajada korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, korrupsiyaga moyil munosabatlarni bartaraf etishga doir normalar oʻz aksini topgan.

Xususan, qonunda davlat organlari uchun korrupsiyaning oldini olish boʻyicha maxsus chora-tadbirlar, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchisiga qator majburiyatlar va cheklovlar belgilanmoqda.

Masalan, belgilangan odob-axloq qoidalariga rioya etish, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymasligi, begʻaraz va xolis boʻlishi, oʻz xizmat mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanmasligi, qonunda belgilangan muddatlarda va tartibda oʻz daromadlari hamda mol-mulki toʻgʻrisida deklaratsiya taqdim etishi, davlat mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi shartligi kabi majburiyatlar oʻrnatilmoqda.

Shuningdek, qonunda davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaga qarshi kurashishga bagʻishlangan alohida bob kiritilgan boʻlib, unda korrutsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar, jumladan:

▪️davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatining samaradorligini baholash;

▪️davlat fukarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari;

▪️sovgʻa olish-berish tartibiga oid qoidalar;

▪️manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻmaslik;

▪️korrupsiya xavfi yuqori boʻlgan lavozimlarni egallab typgan davlat fuqarolik xizmatchilarining majburiy rotatsiyasi kabi korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan samarali preventiv mexanizmlar joriy etilmoqda.