Keyingi yillarda tashqi siyosiy aloqalarimiz arab davlatlari hisobiga kengayib borayotgani, ayniqsa, eʼtiborga molik. Ular orasida mushtarak maqsadlarimiz yoʻlida mamlakatimiz salkam 3 millionli aholiga ega Qatarni arab dunyosidagi muhim, ishonchli va istiqbolli hamkor deb hisoblaydi hamda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida koʻradi.

Toshkent shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda boʻlib oʻtgan tantanali marosimda Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birga “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha yuksak mukofot” sovrindorlarini taqdirlash marosimida ishtirok etishi Qatarning Oʻzbekiston bilan hamkorlikka katta eʼtibor qaratayotgani, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotganining tasdigʻidir.

Korrupsiya iqtisodiyotning samarasizligiga va izdan chiqishiga olib keladi. Korrupsiya koʻlamining oʻsishi narx-navoni qimmatlashtirib, xizmat va tovarlar sifatini yomonlashtiradi. Oʻz navbatida, bunday holat taraqqiyotga jiddiy xalaqit beradi. BMT Taraqqiyot dasturida jahon iqtisodiyoti aynan korrupsiya holatlari tufayli yiliga 3 trillion AQSH dollari miqdorida mablagʻ yoʻqotayotganini, jamiyat taraqqiyotining eng xavfli kushandasiga aylangan bu illatga qarshi faqat birgalikda kurash olib borishgina kutilgan samarani berishi taʼkidlangan. Albatta, bugun korrupsiya shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyodagi eng dolzarb muammolardan biri boʻlib qolmoqda. Sababi, bugun korrupsiya illati butun insoniyatga, barcha jamiyatlar asosiga, iqtisodiy taraqqiyotga zarba beradigan, qonun ustuvorligini buzadigan va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradigan, demokratik institutlar rivojiga toʻsqinlik qiladigan xatarli tahdidga aylanib bormoqda. Bu illat jamiyatga nafaqat iqtisodiy, balki maʼnaviy zarar ham yetkazadi. Shu bois Oʻzbekiston keyingi yillarda ushbu “vabo”ga qarshi keng miqyosli kurash boshlagan. Davlatimiz rahbarining jamiyatni “halollik vaksinasi bilan emlash” zaruriyati haqidagi fikrlari bu boradagi ishlarga qoʻyilgan tamal toshi desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Korrupsiyaga qarshi kurashish Oʻzbekistonda davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishiga aylanib ulgurdi. Buni soʻnggi yilllarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyani oldini olishga qaratilgan maʼmuriy islohotlar misolida ham koʻrish mumkin.

Xususan, 2017-yil 3-yanvar kuni Oʻzbekiston Prezidenti “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi. Ushbu Qonunning maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat boʻlib, unda “korrupsiya”, “korrupsiyaga oid huquqbuzarlik”, “manfaatlar toʻqnashuvi” kabi asosiy tushunchalarga izoh berish bilan bir qatorda, korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari ham qayd etilgan. Shuningdek, qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, vakolatli organlar tizimi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning mazkur sohadagi ishtiroki, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar, jazo muqarrarligini taʼminlash va bu borada xalqaro hamkorlikni taʼminlash kabi choralar mustahkamlab qoʻyildi.

Belgilangan chora-tadbirlarning samarali amalga oshirilishi uchun maxsus davlat organi tashkil etilib, bu boradagi davdat siyosatining institutsional asoslari takomillashtirildi. Xususan, davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini, shuningdek korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning tizimli sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va boshqa dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurash Agentligi tashkil etildi.

Demakki, Toshkentda oʻtkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha yuksak xalqaro mukofotning taqdimoti Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotganini tasdigʻidir. Korrupsiyaga qarshi kurashda mamlakatimizda tizimli huquqiy va institutsional islohotlar amalga oshirilmoqda. Masʼul shaxslar va tuzilmalar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlashga qaratilgan profilaktik mexanizmlar amaliyoti keng joriy etilmoqda, davlat xizmatlari koʻrsatishda byurokratiya kamaymoqda. Ushbu saʼy-harakatlar esa korrupsiya holatlarining kamayishiga muhim omil boʻlayotir. Oʻzbekistonda davlat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun namuna boʻlishi mumkin, chunki 2017-yildan boshlab mamlakatda amaldorlar tomonidan xizmatga oid huquqbuzarliklarni kamaytirishga qaratilgan tub islohotlar boshlandi.

Oʻzbekiston soʻnggi 6-yil davomida yetakchi xalqaro tashkilotlarning baho va reytinglarida bunday jinoyatlarni kamaytirish boʻyicha barcha Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchi oʻrinni egallab kelayotgani bejiz emas. Bu shunchaki respublikada korrupsiyaga qarshi tizimli kurash olib borilayotganidan dalolat beradi. Maʼlumki, korrupsiya ijtimoiy sohaga, iqtisodiyotga tuzatib boʻlmaydigan zarar yetkazadi, potensial xorijiy investorlarni qoʻrqitadi va koʻpincha davlat idoralarini obroʻsizlantiradi. Shu munosabat bilan Toshkentda Korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha yuksak xalqaro mukofotni topshirish marosimining oʻtkazilishi Oʻzbekistonning bu boradagi yuksak natijalardan dalolat beradi. Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish modeli haqida gapirganda, mamlakatda davlat organlarini raqamlashtirish amalga oshirilayotganini alohida taʼkidlash joiz. Bu borada Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda yetakchi oʻrinni egallaydi. Bundan tashqari, fuqarolar murojaat qilishlari mumkin boʻlgan xalq qabulxonalarini joriy etish amaliyoti ham oʻzini oqladi. barcha davlat idoralarida komplayens va samaradorlikni baholash reyting tizimlari yoʻlga qoʻyildi. Davlat xaridlari toʻliq raqamlashtirildi. Oʻzbekiston 2021-yilda Xalqaro Ochiq maʼlumotlar xartiyasiga aʼzo boʻldi. Mamlakatimiz Istanbul harakatlar dasturi, Global operativ tarmoq, Yevroosiyo va Egmont guruhlari, boshqa koʻplab platformalarda samarali ishtirok etib kelmoqda. Gʻarbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish tarmogʻining Kotibiyati vazifasini bajarmoqda. Har yili Toshkentda anʼanaviy Xalqaro aksilkorrupsiya forumi oʻtkazib kelinmoqda.

Soʻnggi yillarda mamlakatimiz “Transparency International” indeksida 42 pogʻonaga koʻtarildi va bu borada mintaqamizda eng yuqori oʻrinni egallamoqda. 2030-yilga qadar mazkur reytingdagi oʻrnimizni yana 50 pogʻonaga yaxshilash maqsadi koʻzlangan. Respublikamiz “Open Data Inventory” reytingida esa joriy yilda 30-oʻringa koʻtarildi. Ochiq maʼlumotlar manbalari boʻyicha Oʻzbekiston dunyoda 4-oʻrindan joy olgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida demokratik islohotlar ortga qaytmas tus olgan Yangi Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida katta reja va vazifalar oldinga qoʻyilganini taʼkidladi. Eng avvalo, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2030-yilgacha moʻljallangan milliy strategiyani ishlab chiqish, uni hayotga tatbiq etish rejalashtirilgan. Unda davlat idoralari faoliyatining yanada shaffofligini taʼminlash va hisobdorligini oshirish, ochiq maʼlumotlar tizimini takomillashtirish, sohaning huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratiladi.

Oʻzbekiston korrupsiyaga qarshi kurashdagi mintaqaviy va global tashabbus hamda yangi loyihalarni qoʻllab-quvvatlaydi va ularda faol qatnashadi. Bu borada oʻtgan oyda Toshkentda ishga tushgan Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasining Mintaqaviy platformasidan keng foydalaniladi. Prezidentimiz oʻz nutqida nodavlat notijorat tashkilotlarini faol jalb etgan holda, oʻzaro tajriba almashish va muloqotlarni kuchaytirish, ilmiy izlanishlar olib borish maqsadida Korrupsiya muammolari boʻyicha mintaqaviy tadqiqot markazini tashkil etishni taklif etdi. Oʻzbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xorijiy turdosh muassasalar bilan yaqin hamkorligini kuchaytirish orqali uning salohiyat va imkoniyatlarini yanada oshirishga kirishadi. Eng ilgʻor xalqaro tajribaga asoslangan yangi mexanizmlar tatbiq qilinadi, jumladan, korrupsiya holatlari boʻyicha “dastlabki oʻrganish” – korrupsion surishtiruv instituti joriy etiladi. Ongi va qalbi bolalikdan “halollik vaksinasi” bilan emlangan yangi avlodni kamolga yetkazish ustuvor vazifaga aylanishi kerak. Shubhasiz, targʻibot-tashviqot ishlarisiz, insonga bolalikdan halol tarbiya bermasdan turib, asr illatiga qarshi kurash samarali boʻlmaydi. Shuning uchun davlatimiz rahbari bu borada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi taʼlim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi dasturini Oʻzbekistonda keng joriy etishni taklif etdi. Korrupsiyaga qarshi kurashishdek murakkab jarayonlarda ommaviy axborot vositalarining alohida oʻrni bor. Gazetalar, elektron OAV, onlayn platformalar va faol ijtimoiy tarmoqlar korrupsiyaga qarshi kurashni oʻz faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri deb bilsa, unga qarshi kurash taʼsirchanligi oshadi. Shu maʼnoda, Prezidentimiz korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha jurnalistlar imkoniyatlaridan unumli foydalanish va ular taʼsirini yanada oshirish uchun Global media forumni oʻtkazish taklifini ilgari surdi. Zero, Kkorrupsiyaga barham berishning asosiy omili bu jirkanch illatning zarari haqida aholining xabardorligini oshirishdir. Shuni unutmaslik kerakki, bu nafaqat davlat siyosati, balki har bir inson, jamiyat aʼzosining maʼnaviyati va masʼuliyati masalasidir. Biz nafaqat teng imkoniyatlarga ega adolatli jamiyat yaratish, balki jamiyatimizning barqaror rivojlanishini taʼminlash uchun korrupsiyani yengishimiz kerak. Korrupsiyani kamaytirish yoʻlida qoʻyilgan har bir qadam bizni adolatli va halol jamiyatga yaqinlashtiradi.

Ibrohimjon FOZILJONOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Biznes boshqaruvi fakulteti dekan oʻrinbosari,

iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)