Davra suhbati avvalida taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 15-yanvar kuni Agentlik huzurida Jamoatchilik kengashi tashkil etildi va mamlakatimizda aksilkorrupsiya siyosatini amalga oshirishga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2025-yillarga moʻljallangan Milliy strategiyasi loyihasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan davlat dasturi hamda Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga oʻz taklif va tavsiyalarini berdi. Shunga qaramasdan Kengash faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha bir qator ishlarniamalga oshirish zarurati mavjud.
Mazkur masala yuzasidan BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha mintaqaviy boshqarmasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlari jalb qilingan holda Jamoatchilik Kengashi faoliyatini tartibga solishga qaratilgan hujjatlar qayta koʻrib chiqilib, Kengash faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi.
Bundan tashqari xalqaro ekspertlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlarida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻyish boʻyicha xorij tajribasi toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Oʻzaro muloqot tarzida tashkil etilgan mazkur tadbirda ushbu taklif va tavsiyalar Jamoatchilik kengashi aʼzolari ishtirokida muhokama qilindi. Xorij tajribasida koʻzda tutilgan ijobiy jihatlarni Kengash faoliyatiga joriy etish, ularni qolgan davlat tuzilmalari huzuridagi kengashlar ishiga ham singdirish boʻyicha tegishli takliflar ishlab chiqildi.