Yoʻl xarita Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan Agentlik, Bosh prokuratura hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqildi.
Yoʻl xaritasi vazirlik, idoralar takliflari va BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablari hamda Jahon banki, Osiyo Taraqqiyot Banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tavsiyalari, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Istanbul harakatlar rejasi doirasidagi 4-bosqich monitoringi yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasiga taqdim etilgan tavsiyanomalarning bir necha bandi, Venetsiya komissiyasining 2001-yil 9-10-martdagi “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish boʻyicha koʻrsatmalari”, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining Saylovlarni kuzatish boʻyicha missiyasining Oʻzbekiston Respublikasida 2019-yil dekabrda boʻlib oʻtgan parlament saylovlari yuzasidan yakuniy hisobotida qayd etilgan tavsiyalari asosida shakllantirildi.
Yoʻl xaritasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:
- “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunni qabul qilish jarayonini tezlashtirish;
- davlat fuqarolik xizmatiga ochiq mustaqil tanlov asosida ishga qabul qilish hamda ularning kasbga oid fazilatlari va alohida xizmatlari (meritokratiya tamoyili) asosida xizmat pogʻonalarida koʻtarilishining shaffof mexanizmlarini joriy etish;
- amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda davlat xaridlarining strategik subyektlariga berilgan barcha imtiyozlarni bekor qilish;
- Tanlov (tender) shaklida oʻtkaziladigan davlat xaridlarida kontragentlar (shartnoma taraflari) ni tekshirish tartibini ishlab chiqish.
- Jinoyat kodeksiga xorijiy davlat mansabdor shaxslariga va xalqaro davlat tashkilotlarining mansabdor shaxslariga pora berganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash masalasini implementatsiya qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
- Jinoyat kodeksiga mansabdor shaxs tomonidan noqonuniy tarzda boylik orttirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash masalasini implementatsiya qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
- Korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlar haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish;
- Korrupsiya holatlari toʻgʻrisida anonim xabar yoʻllash va ularni koʻrib chiqish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish;
- Xalqaro tashkilotlar tomonidan ajratilgan qarzlar va moliyaviy yordamlar sarfining oshkoraligini taʼminlash uchun ochiq maʼlumotlar bazasini shakllantirish;
- Korrupsiya xavfi yuqori boʻlgan davlat organlari va sohalarida korrupsiya xavf-xatarlarini baholash boʻyicha namunaviy uslubiyot ishlab chiqish va qabul qilish.
Mazkur Yoʻl xaritasida belgilangan tadbirlarning amalga oshirilishi mamlakatimizda korrupsiyaning turli koʻrinishlariga barham berilishiga, sohaga oid huquqiy asoslarning takomillashtirilishiga xizmat qiladi. Shuningdek, mamlakatimizning korrupsiyaga oid va boshqa xalqaro reytinglardagi oʻrni yaxshilanishiga olib keladi.