Nizomga koʻra, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslar quyidagi asoslardan biri mavjud boʻlganda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi:
oʻzlariga nisbatan pora talab qilgan shaxs yoki oʻzlariga maʼlum boʻlgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar (Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti)ga bergan xabari asosida bunday huquqbuzarlik fosh etilsa;
korrupsiyaga oid jinoyatni sodir etganligi uchun qidiruvda boʻlgan shaxs toʻgʻrisida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga berilgan xabar asosida qidiruvdagi shaxs ushlanishi (huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari bundan mustasno).
Shunga koʻra, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslar tegishlicha BHMning 3 baravaridan 25 baravarigacha (669 ming soʻmdan 5 mln 575 ming soʻmgacha) miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantirilishi mumkin.
Agar pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud oʻzlashtirilayotgan (oʻzlashtirilgan) mulkning qiymati BHMning yuz baravaridan koʻp boʻlsa, mukofot quyidagi foiz hisobida hisoblanadi:
➖ ancha miqdor uchun – mulk qiymatining 15 foizi miqdorida;
➖ koʻp va juda koʻp miqdor uchun – mulk qiymatining 10 foizi miqdorida.
Shaxs korrupsiyaga qarshi kurashishga munosib hissa qoʻshganligi uchun davlat mukofotiga ham tavsiya etilishi mumkin.
Shaxslarni ragʻbatlantirish masalalari korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar huzurida tuziladigan maxsus komissiyalar tomonidan koʻrib chiqiladi.
Maxsus komissiya qarori asosida bir martalik pul mukofoti yoki esdalik sovgʻasi bilan taqdirlash haqida qaror 1 ish kunida chiqariladi.
Pul mukofoti xarajatlar smetasiga oʻzgartirish kiritilgandan soʻng 15 ish kuni ichida shaxslarning shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.