Toshkent kimyo-texnologiya instituti va SHo'rtangazkimyo majmuasi tashabbusi bilan oliy ta'lim muassasasi va ishlab chiqarish korxonasi o'rtasidagi integratsiyani yangi bosqichga ko'tarish maqsadida kuni kecha o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu tadbirda SHo'rtangazkimyo majmuasi bosh direktori SHuhrat Aslanov, korxona ma'muriyati va mutaxassislari, Toshkent kimyo-texnologiya instituti prorektori Xayrulla Po'latov va professor-o'qituvchilar ishtirok etdi.

Bugungi kunda institut va korxona o'rtasida bakalavr, magistrantlar tayyorlash, professor-o'qituvchilarning korxonada stajirovkasini tashkil etish, hamkorlikda seminarlar o'tkazish va korxonaning ilmiy-texnik muammolari bo'yicha xo'jalik shartnomalari tuzish bo'yicha qator ishlar olib borilmoqda.

Ayni paytda institutda ishlab chiqarishga tayyor bo'lgan 20 dan ortiq ishlanma mavjud. Sanoat korxonalari bilan hamkorlikda ushbu ishlanmalarni moliyalashtirish zarurligini hamda institut ilmiy salohiyatining yuqoriligini inobatga olib, korxonada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarga tadqiqotchilik bo'yicha ilmiy rahbarlik qilish, shu jumladan, tadqiqotchilarga ikkitalik ilmiy rahbarlikni yo'lga qo'yish sohani yanada rivojlantirishga olib keladi.

Hozir SHo'rtangazkimyo majmuasida faoliyat yuritayotgan etakchi mutaxassislarning deyarli yarmi Toshkent kimyo-texnologiya institutining sobiq bitiruvchilari hisoblanadi. Tadbir davomida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan korxonaning 15 nafar mutaxassisi va institut professor-o'qituvchilari o'rtasida uchrashuv tashkil etilib, mutaxassislarning dissertatsiya mavzusi va ilmiy rahbarini tayinlash masalasi muhokama qilindi.

Mutaxassislarning dissertatsiya mavzulari, korxonadagi mavjud texnologik muammolarga qaratilgan bo'lib,  institutga izlanuvchi sifatida qabul qilish va ularga “Neft` va gazni qayta ishlash kimyoviy texnologiyasi”, “Organik kimyo va asosiy organik sintez texnologiyasi”, “YUqori molekuli birikmalar va plastmassalarni qayta ishlash texnologiyasi”, “Sanoat ekologiyasi”, “Noorganik moddalar kimyoviy texnologiyasi” kafedralaridan ilmiy rahbarlar tayinlashga kelishib olindi.

Toshkent kimyo-texnologiya instituti va SHo'rtangazkimyo majmuasi o'rtasida tuzilgan memorandum doirasida korxona bilan qo'shma ilmiy tadqiqot loyihalari, qo'shma ilmiy ishlanmalar, korxonaning ishlab chiqarish muammolari bo'yicha xo'jalik shartnomalarni amalga oshirish, hamkorlikda ilmiy seminarlar, ilmiy-texnikaviy konferentsiyalar tashkil etish, ilmiy-pedagog kadrlar, xodimlar yoki mutaxassislarning malakasini oshirish va kasbiy qayta tayyorlashni tashkil etish, talabalar va professor-o'qituvchilarni ijtimoiy va moddiy qo'llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni hamkorlikda tashkil etish rejalashtirildi.