“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatining barcha tarmoq korxonalarida tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish boʻlimlari mavjud boʻlib, ushbu boʻlim oʻz faoliyati davomida Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi asosida ish yuritiladi.
Korxonalar tarkibida tashkil etilgan Ekologik xizmatlarlar tomonidan esa ekologik meʼyoriy xujjatlari, qonun va qonun osti hujjatlar talablarining bajarilishi nazorat qilinadi.
Korxonalarning atrof-muhitga taʼsirini oʻrnatilgan normativlarga rioya qilgan holda olib borish, idoraviy nazoratini amalga oshirish, sanoat tashlanmalari, oqova va ichimlik suvlaridagi zararli kimyoviy moddalar miqdori ustidan nazoratni amalga oshirish, shuningdek, oqova suvlar, changyutgich va gaz tozalash qurilmalarining samarali ishlashini nazorat qilish uchun korxonalarda akkreditatsiyalangan sanitar laboratoriya faoliyat olib boradi.
Sanitar laboratoriyalar faoliyati uzliksiz tashkil etilgan boʻlib, qoʻyidagi yoʻnalishlar boʻyicha atrof-muhitning analitik nazorati va doimiy monitoringini olib boradi:
- sanitar-himoya zonasida atmosfera havosi tarkibini nazorat qilish;
- manbalardan atmosfera havosiga tashlanadigan ifloslantiruvchi moddalar tarkibini nazorat qilish;
- korxonalarning oqava suvlari tarkibini nazorat qilish;
- oqava suvlar tashlanishidan oldin va keyingi tarkibini nazorat qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-oktyabrdagi “2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5863-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarmoq korxonalarida 2020-2023-yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish” boʻyicha chora-tadbirlar rejasidan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan, “2019-2022-yillar davomida “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati korxonalari tomonidan atrof-muhitga zararli tashlamalar va ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirish chora-tadbirlari”, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan “Maksam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyati tomonidan atrof-muhitga ifloslantiruvchi moddalar va chiqindilarini kamaytirish maqsadida xorijiy litsenziarlar, Rosiyaning ilmiy-tadqiqot institutlari tavsiyalariga muvofiq, “Maksam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyati va unga tutash hududlarda ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida chora-tadbir rejalari ishlab chiqilgan.
Chora-tadbirlar rejasi natijasiga koʻra, “Maksam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyatida karbamid sexi tozalash inshootining injeksion farsunkalarini tozalash, taʼmirlash ishlari olib borilishi va ammiakli selitra sexidagi X-29 tozalash inshootining filtirlarni almashtirish natijasida atmosfera havosiga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini 27 foizga kamayishiga erishildi.
“Fargʻonaazot” aksiyadorlik jamiyatida suvni qayta ishlashning zamonaviy tizimi joriy etitilshi natijasida, yiliga 450,2 ming tonna chuchuk suvni tejab, 536,7 tonna qattiq chiqindilar kamaytirishga erishildi. Shuning bilan yiliga 1341,7 tonna chiqindilarni poligonlarda toʻplanishini oldi olindi.
“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida zamonaviy talablarga toʻliq javob beradigan ammiak, karbamid va azot kislotasi ishlab chiqarish uchun yangi quvvatlarni joriy etish bilan birgalikda hozirgi vaqtda maʼnan eskirgan ammiak ishlab chiqarish sexi 1-2 navbatini va azot kislotasi ishlab chiqarish sexi 1-navbati ish faoliyati toʻxtatildi va yiliga korxona tashlanmalari 25 foizga kamaytirildi. Jumladan, uglerod oksidini 46 foizga, azot oksidlarini esa 24 foizga kamaytirishga erishildi.
Shuningdek, “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati har yili tizimdagi korxona va tashkilotlar hamda ularga tutash hududlarda “Atrof-muhit himoyasiga barchamiz masʼulmiz!” shiori ostida koʻkalamzorlashtirish loyihasini oʻtkaziladi.
Loyiha doirasida “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi tarmoq korxona va tashkilotlar tomonidan daraxt va manzarali koʻchatlar ekish belgilangan. 2020-yil birinchi marta oʻtkazilgan loyiha doirasida jamiyat tizimidagi korxona-tashkilotlar tomonidan 62500 dona manzarali daraxt, 1200ga yaqin mevali daraxt va 81000dan ortiq manzarali koʻchat hamda gullar ekildi.
Joriy yil mart-aprel oyilarida tashkilot tizimidagi korxonalar tomonidan 6290 dona manzarali daraxt, 4500 dona mevali daraxt hamda 177 200 dona gul va koʻchatlar ekildi.
Tarmoq korxonalarida sanoat chiqindilarining hosil boʻlish miqdorini kamaytirish maqsadida chiqindilarni turiga qarab alohida yigʻish, saqlash va qayta ishlash boʻyicha ishlar yoʻlga qoʻyilgan hamda “Toza hudud” davlat unitar korxonasi bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.
Soʻnggi uch yilda ishlab chiqarish obyektlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish hisobiga korxonalarda zararli moddalar tashlanmalarini 2019-yilga nisbatan 16 % kamaytirishga erishildi. Shu bilan birgalikda korxonalar ehtiyoji uchun ishlatiladigan suvning yillik sarfini 513,9 ming tonnaga qisqartirildi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, ishlab chiqilgan chora-tadbir rejalariga koʻra tarmoq korxonalarida atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbaalardan namunalar olish, tahlil qilish, shuningdek, ularga tutash hududlarda statsionar avtomatik kuzatish postlari bilan bosqichma-bosqich jihozlash, suv tozalash inshootlari va texnologik jarayonlarni rekonstruksiya hamda modernizatsiya qilish ishlarini olib borish natijasida atrof-muhitga chiqarilayotgan zararli tashlanmalar, suv va qattiq chiqindilarni 20% kamaytirish koʻzda tutilgan.