Kosonsoy, Namangan, Toʻraqoʻrgʻon, Uychi va Yangiqoʻrgʻonda tunu-kun ishlaydigan servis koʻchasi barpo etiladi

    Siyosat 16 Sentabr 2025 422

    Bugun Prezident Yangi Namanganni Chortoq bilan bogʻlovchi yoʻldagi 13 kilometrlik tunu-kun ishlaydigan servis koʻchasi bilan tanishdi.

    Kosonsoy, Namangan, Toʻraqoʻrgʻon, Uychi va Yangiqoʻrgʻonda yana 8 ta shunday koʻcha barpo etish reja qilingan.

    Kosonsoy markazi, Norindagi daryo boʻylari, Chustning Gʻova, Yangiqoʻrgʻonning Nanay, Popning Chodak qishloqlarida Boʻstonliqdan kam boʻlmagan goʻzal tabiat, soʻlim joylar borligi, bu joylarda tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish istagida yurgan tashabbuskorlar ham juda koʻpligi taʼkidlandi.

    Shu munosabat bilan viloyat Islohotlar shtabiga tadbirkorlar bilan har bir tumanda kamida 2 tadan shunday joylarni tanlab, ular boʻyicha master-reja ishlab chiqish, amalga oshiriladigan loyihalar hisobiga keyingi yilda 50 ming odamni ishli va daromadli qilish topshirildi.

    Shuningdek, Pop, Toʻraqoʻrgʻon, Uychi, Uchqoʻrgʻon va Chustdan oʻtgan daryo va soy oʻzanlarining 40 kilometr qismida ham 650 ta servis obyektini qurib, 10 ming odamni daromadli qilish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi. Mutasaddilarga bu yerlarning muhofaza zonasi va konturini belgilab, auksionga chiqarishni boshlash topshirildi.