Kozimjon Komilov: “Respublika sudlariga saylov jarayoni bilan bogʻliq murojaatlar kelib tushmagan”

    Saylov 25 Oktabr 2021 1731

    Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sud raisi Kozimjon Komilov ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

    Taʼkidlanishicha, shu yilning 24-iyuldan 23-oktyabrga qadar boʻlgan davr mobaynida nomzodlar tomonidan saylov komissiyasiga huquqlari buzilgani toʻgʻrisidagi murojaatlariga berilgan javoblaridan norozi boʻlib, saylovchilar roʻyxatiga kiritilmaganlik, notoʻgʻri kiritilganlik yoki roʻyxatdan chiqarilganlik haqidagi murojaatlari saylov uchastkalari tomonidan hal qilinmagan bilan bogʻliq ariza bilan tumanlararo maʼmuriy sudlariga kelib tushmagan.

    Saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashish, qarorlarini ijro etmaslik, nomzodning, ishonchli vakilining, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzish, yolgʻon maʼlumotlar tarqatish, saylovni moliyalashtirish tartibini, saylovoldi tashviqotini olib borish shartlari va tartibini buzish, saylovga tayyorgarlik koʻrish jarayonida axborot va tashviqot materiallarini qasddan yoʻq qilish yoki ularga shikast yetkazish bilan bogʻliq boʻlgan qoidabuzarlik uchun biron-bir shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilmagan.

    24-oktyabr kuni saylov jarayonida ishtirok etgan siyosiy partiyalar organlari, nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, kuzatuvchilar va saylovchilar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari bevosita saylov jarayonidagi:

    saylov komissiyalarining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan;

    Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan maʼmuriy sudlarga murojaat qilishlari mumkin boʻlib, respublika sudlariga murojaat qilishmagan.