Raqobat qo‘mitasi 2025 yil hamda 2026 yil yanvar–fevral oylarida ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishi bilan bog‘liq jami 2 057 ta murojaat kelib tushganini ma'lum qildi.
Xususan, 2025 yil davomida kelib tushgan 1 700 dan ortiq murojaatlar tahlil qilinganda qator muammolar aniqlangan. Jumladan, murojaatlarning 33,8 foizida quruvchi korxonalar tomonidan qurilish ishlari sifatsiz bajarilgani, 33,1 foizida uy-joylar shartnomada belgilangan muddatda topshirilmagani ma'lum bo‘lgan. Shuningdek, 13,5 foiz holatda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olingani, 1,3 foiz murojaatlar esa boshqa qurilishga oid masalalarga taalluqli ekani qayd etilgan.
2026 yilning yanvar–fevral oylarida ham 350 dan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularda ham fuqarolar xuddi shunday muammolarga duch kelganini bildirgan.
Misol sifatida, Surxondaryo viloyatida yashovchi fuqaro Toshkent shahrida qurilayotgan ko‘p qavatli uydan xonadon xarid qilish uchun qariyb 1,4 mlrd so‘m to‘lagan. Biroq quruvchi korxona tomonidan xonadon o‘z vaqtida topshirilmagan va qurilish ishlari sifatsiz bajarilgan. Fuqaroning murojaati o‘rganib chiqilib, unga to‘langan mablag‘ to‘liq qaytarib berilgan.
Qayd etilishicha, 2025 yil va 2026 yilning dastlabki ikki oyi davomida murojaatlarning 1 529 tasi yoki 74,3 foizi ijobiy hal etilgan. Natijada qariyb 24,4 mlrd so‘m mablag‘ iste'molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.
Qo‘mita bu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirayotganini ma'lum qildi. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste'molchilarning huquq va manfaatlari davlat tomonidan kafolatlangani, shartnomaviy munosabatlarda ularning talablari ustuvor ahamiyatga ega ekani eslatib o‘tildi.