Krasnoyarsk oʻlkasida Oʻzbekiston madaniyati taqdim etildi

    Madaniyat 4 Oktabr 2022 1878

    Rossiyaning Krasnoyarsk oʻlkasida “Oʻzbek madaniyati kuni” madaniy-maʼrifiy tadbiri oʻtkazildi.

    Respublikamizning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari, Krasnoyarsk oʻlkasi maʼmuriyati, hududdagi oʻzbek diaspora tashkiloti, faol vatandoshlar bilan hamkorlikda Krasnoyarsk xalqlari doʻstligi uyida tashkil etilgan tadbir xorijiy davlatlarda Oʻzbekiston nufuzini yuksaltirish, oʻzbek xalqining koʻhna milliy urf-odat va anʼanalari, mehmondoʻstligini namoyish etish, shuningdek, mamlakatimiz turizm salohiyatini keng targʻib etishga qaratilgan.

    Unda Krasnoyarsk oʻlkasida uzoq yillardan buyon yashab kelayotgan oʻzbek diasporasi vakillari, sanʼat namoyondalari, faol vatandoshlar, Oʻzbekiston fuqarolari va talaba yoshlarimiz ishtirok etdi.

    Tadbirda Oʻzbekiston madaniyatini aks ettiruvchi milliy cholgʻu asboblar, musiqa va raqs, milliy liboslar, tasviriy sanʼat asarlari koʻrgazmasi tashkil etilib, oʻzbek kuy va qoʻshiqlaridan iborat konsert dasturi namoyish etildi.

    Shuningdek, faol vatandoshlarimiz va talaba yoshlarimiz ishtirokida davra suhbati ham oʻtkazilib, Oʻzbekistonda xalqimiz manfaati yoʻlida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, jumladan, mamlakatimiz konstitutsiyasiga kiritish taklif etilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarning mazmun-mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida soʻzlab berildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.