Xususan, Departamentning Samarqand shahar boʻlimi tomonidan AT “Xalq banki” Samarqand viloyat Amaliyot boʻlimining murojaatiga asosan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, ushbu Amaliyot boʻlimi masʼul shaxslari kredit va unga tenglashtirilgan operatsiyalar boʻyicha taʼminotni tanlash va qabul qilish toʻgʻrisidagi talablarga amal qilmaganliklari oqibatida “J.Ch.” MCHJga savdo va aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun ajratilgan 1,8 mlrd soʻm kredit mablagʻlari maqsadsiz sarflanib, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.
Departamentning Sergeli tuman boʻlimi tomonidan ATB “InFinBank” Sergeli filialining murojaatiga asosan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro X.P. va boshqalar, oʻzaro til biriktirib, ushbu bank filialidan ajratilgan 408,8 mln soʻm kredit hisobidan xarid qilingan 5 dona “NEXIA-3” rusumli avtomashinani soxta hujjatlar orqali garovga qoʻyilishini taʼminlamasdan boshqa shaxslarga sotib yuborib, ushbu mablagʻlarni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Payariq tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “P.I.” MCHJ ish boshqaruvchisi M.E. hududiy tijorat banki filialidan imtiyozli shartlar asosida 6 nafar fuqaroga ajratilgan 166,7 mln soʻm kredit mablagʻi evaziga naslli chorva molini yetkazib bermasdan, kredit mablagʻlarini oʻzlashtirganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blanklar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.