Samarqand viloyatining 75 ming 356 gektar yer maydonidagi gʻoʻzadan moʻl va sifatli hosil yetishtirish agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishiga bogʻliq.
Ob-havo haroratining yuqori kunlaridan unumli foydalanish maqsadida gʻoʻza qator oralariga ishlov berishning ahamiyati katta. Ayni kunlarda mavjud 1 ming 612 ta kultivatorlar bilan bir kunda oʻrtacha 7 ming gektardan ortiq yer maydoni kultivatsiya qilinmoqda. Mavsum boshidan beri esa gʻoʻza qator oralariga 4,8-marta, mavjud 417 ta chuqur yumshatgichlar bilan bir kunda 3 ming 646 gektar, mavsum boshidan beri 2,2-marta gʻoʻza qator oralariga ishlov berildi.
Agroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari inspektorlari tomonidan kultivatorlar ishchi organlarini “Baliq sirti” tarzida qayta jihozlash yuzasidan monitoring-tahlil tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Kultivatorlar ishchi organlarini “Baliq sirti” tarzida qayta jihozlash, gʻoʻza hosilini 15-20 foiz nobudgarchilikdan himoya qilishga xizmat qiladi. Rivojlanishning shonalash, gullash fazasidagi nihollarga ishlov berishda bu usul juda qoʻl keladi.
Xususan, Payariq tumanida mavjud 218 ta kultivatorlar bilan bir kunda 1 ming gektardan ziyod yer maydonidagi gʻoʻzaga ishlov berilmoqda. Har bir texnika vositasining ish unumdorligi oʻrtacha 5-6 gektarni tashkil etadi. Kultivatorlar ishchi organlari “Baliq sirti” tarzida jihozlanib, optikatellar oʻrnatildi, deya xabar beradi Agroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.
— Inspeksiyaning tumanlar boʻlimlari inspektorlari tomonidan kultivatorlarning ishchi organlari jihozlanishi qattiq nazoratga olindi, — deydi inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi boshligʻi Nurmamat Tursunov. — Shuningdek, gʻoʻza parvarishida agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirmagan, kultivatorlarni jihozlamagan qishloq xoʻjaligi korxonalari rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining tegishli moddalariga asosan, huquqiy taʼsir chorasi koʻrilishi yuzasidan ogohlantirilmoqda.