Oʻzbekiston va Yaponiyani ildizlari Buyuk ipak yoʻli davriga borib taqaladigan koʻp asrli tarixiy aloqalar, oʻzaro yaqin mentalitet, oʻxshash qadriyatlar bogʻlab turadi.

Yaponlar ona tabiatga boʻlgan hassos munosabati, atrof-muhitni eʼzozlashi bilan jahonga namuna koʻrsatadi. Ulkan taraqqiyot yoʻlini inson va tabiat bilan oʻzaro uygʻunlashtira olgan mamlakat sifatida bilamiz Yaponiyani.

Prezidentimizning 18-20-dekabr kunlari Yaponiyaga rasmiy tashrifi hamda oʻtkazilgan oliy darajadagi muloqot va uchrashuvlar, xalqaro miqyosdagi tadbirlar davlatlarimiz hamkorligini butunlay yangi bosqichga olib chiqishi bilan tarixiy ahamiyat kasb etdi.

Yangi avlod raqamli texnologiyalarini yaratish, sunʼiy intellekt, togʻ-kon sanoati va qayta ishlash, quyosh, shamol, “yashil” vodorod kabi muqobil energiya manbalariga oʻtish borasida bugun Yaponiya katta natijalarga erishmoqda. Shu maʼnoda, kelajak taraqqiyotini ayni sohalar rivoji bilan bogʻlayotgan Oʻzbekiston Yaponiya bilan hamkorlik aloqalarini har tomonlama kengaytirishi yanada keng imkoniyatlarni ochadi.

Davlatimiz rahbari Yaponiya Imperatori Naruxito bilan uchrashuvi chogʻida oʻzbek va yapon xalqlari mentaliteti yaqinligi, urf-odat va oilaviy qadriyatlari oʻxshashligini bejiz taʼkidlamadi. Zotan, yangi Oʻzbekistondagi ortga qaytmas ­islohotlarni bugun Yaponiya ham izchil qoʻllab-quvvatlamoqda.

Prezidentimiz tashrif davomida Tokioda boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida ishtirok etdi. Mintaqamizning tobora kengayib borayotgan serqirra formatdagi aloqalarida “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti bu jarayonga oʻziga xos yangi nafas olib kirishi kutilmoqda. Sammit davomida davlatimiz rahbari ilgari surgan dolzarb tashabbus va takliflar ham buning yaqqol tasdigʻi.

Avvalo, Markaziy Osiyo mintaqasining kunchiqar yurt bilan ushbu yangi formatdagi aloqasini yorqin istiqbolga ega, deya prognoz qilish mumkin.

Birinchidan, mintaqamizning boy tabiiy resurslaridan oqilona foydalanish, togʻ-kon sanoati, nodir metallarni qayta ishlash borasida Yaponiya texnologiyalari yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Ikkinchidan, “yashil” energiya tarmoqlarini kengaytirish, atmosfera havosi tozaligiga erishish, raqamli texnologiyalarda yapon tajribasi biz uchun har tomonlama yaqin va qulay hisoblanadi.

Uchinchidan, tarixiy ildizlarga ega boʻlgan taʼlim, qadrlar tayyorlash, mutaxassislar tajriba almashinuvi yangi yoʻnalish va sohalarda davom etadi.

Shuning uchun ham “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining ilk sammiti kun tartibidan ayni shu kunda dolzarb boʻlib turgan masalalar oʻrin oldi. “Yashil iqtisodiyot” va barqaror rivojlanish, oʻzaro bogʻliqlik hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, inson resurslarini rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda oʻzaro manfaatli ­hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

“Markaziy Osiyo +” muloqotining tashabbuskori Yaponiya hisoblanadi. Bundan yigirma yil muqaddam aynan kunchiqar yurt ilk bor ushbu formatdagi muloqot tashabbuskori boʻlganini davlatimiz rahbari oʻz nutqida alohida qayd etdi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, Buyuk ipak yoʻli davridan rivojlana boshlagan yaqin savdo va madaniy aloqalar, oʻxshash anʼana va urf-odatlar, maʼnaviy, madaniy va oilaviy qadriyatlar Markaziy Osiyo va Yaponiya oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam asosdir.

Sammitda Oʻzbekiston yetakchisi “yashil” rivojlanish, jumladan, “yashil” energiya va “yashil” transformatsiya masalalariga mintaqamiz va Yaponiya jamoatchiligi eʼtiborini qaratdi. Bugun dunyoning aksariyat mamlakatlari uchun dolzarb boʻlib turgan iqlim oʻzgarishi, ekologik muammolar, atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalarni sanab oʻtdi. Aynan bu borada Yaponiya tajribasi eʼtirof etildi. Bu mamlakat zararli gazlarni atmosferaga chiqarishni toʻliq bartaraf etishga erishish borasidagi vazifalarni bajarishda jahonda yetakchidir.

“Biz Oʻzbekistonda zaharli gazlarni chiqarishni 2035-yilga borib 50 foiz qisqartirish, 2030-yilgacha umumiy generatsiyada “yashil” energiya ulushini 54 foizga yetkazishni maqsad qilib qoʻyganmiz. Energetik oʻtish va “yashil” energetikani rivojlantirish boʻyicha samarali issiqlik stansiyalari, quyosh va shamol energiya qurilmalarini barpo etish, kogeneratsiya, yoʻqotishlarni qisqartirish, zararli gazlarni ushlab qolish va foydalanish texnologiyalarini joriy etish kabi aniq loyihalarni birgalikda ishlab chiqishni taklif etamiz”, dedi Oʻzbekiston rahbari. Shu bilan birga, Toshkentda qayta tiklanadigan energetika sohasida mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha mintaqaviy markazni tashkil etish taklifini bildirdi.

Mamlakatimiz soʻnggi yillarda bu yoʻnalishda salmoqli islohotlarni boshladi. Davlatimiz rahbarining “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish ­chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilishning tezkor va samarali boshqaruvi shakllantirildi. Boshqacha aytganda, mamlakatimiz tarixida ekotizimni boshqarish borasida mutlaqo yangi, strategik davrga asos solindi. Oʻzbekiston Ekologik partiyasi hamda parlamentdagi fraksiyasi bu borada samarali jamoatchilik hamda parlament nazoratini olib bormoqda.

Yaponiyaning “Yashil transformatsiya” tashabbusi mintaqa mamlakatlari tomonidan qabul qilingan Markaziy Osiyo uchun “Yashil kun tartibi” dasturini amalga oshirishda uygʻun va hamohang ekani qayd etildi. Shundan kelib chiqib, Oʻzbekiston rahbari mintaqada havo sifatini yaxshilash boʻyicha atmosferaga chiqarilayotgan gazlarni monitoring qilish, filtrlash va kamaytirish, aholi uchun yanada barqaror va xavfsiz ekologik muhitni yaratish uchun ilgʻor yechimlarni qoʻllashga qaratilgan qoʻshma dasturni ishga tushirish, iqlim oʻzgarishi bilan kurashish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida, Orolboʻyi ekologik muammolarini hal qilishga koʻmaklashish va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha loyihalarni qamrab oladigan qoʻshma harakatlar dasturini qabul qilish, muloqot doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari rahbarlarining yangi shakldagi uchrashuvlarini tashkil etish taklifini bildirdi.

Bu chegara bilmas ekologik muammolarga birgalikda samarali kurashishda ayni muddaodir. Chunki atmosferaga chiqarilayotgan zaharli gazlarga birgina mamlakat yoki mintaqa muammosi sifatida qarash kerak emas. Yoki Orolboʻyidagi ekologik vaziyat mintaqalar chegarasidan tashqariga chiqayotgani kundek ravshan. Shuning uchun bu muammolarga “Markaziy Osiyo + Yaponiya” kabi yirik muloqot formatida javob izlanayotgani eng toʻgʻri yoʻldir.

Jahon geologik xaritasida Markaziy Osiyo mintaqasi ham seysmik faol hududlar toifasida turadi. Yaponiya esa seysmologiya boʻyicha ancha xatarli fojialarni boshdan oʻtkazgan, bu muammoga yechim topishda katta tajriba toʻplagan mamlakat. Shu bois, ­Prezidentimiz Yaponiyaning seysmik xavfsizlik sohasidagi ulkan tajribasini hisobga olib, Seysmik barqarorlikni baholash va amalga oshirish boʻyicha qoʻshma dasturni ishga tushirish taklifini bildirdi.

Umuman, ushbu sammit siyosiy, iqtisodiy, barqaror rivojlanish, investitsiya, raqamli texnologiyalar, transport-logistika, fan-taʼlim va boshqa muhim sohalarda oʻzaro hamkorlik boʻyicha konstruktiv muloqot maydoni boʻldi. Oʻzbekiston yetakchisi bildirgan takliflarning barchasi ishtirokchi mamlakatlar tomonidan faol qoʻllab-quvvatlanganini esa kuchli pragmatik diplomatiyaning yana bir yaqqol koʻrinishi deyish mumkin.

Yaponiyaga tashrifning yana bir eʼtiborli jihati, ushbu mamlakat savdo-iqtisodiy, biznes sohasi vakillarining Oʻzbekistonga faol qiziqishi boʻldi. Prezidentimiz soha yetakchilari, yirik biznes vakillari, investorlar bilan uchrashuv davomida Oʻzbekistonda ular uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoit haqida alohida toʻxtaldi.

Kunchiqar mamlakat bilan Oʻzbekiston oʻrtasida parlamentlararo hamkorlik alohida oʻrin tutadi. Ikki mamlakat parlament delegatsiyalari oʻrtasidagi oʻzaro tashrif va uchrashuvlar yakdil tus olgan. Parlamentlarda doʻstlik guruhlari faol ishlamoqda.

Prezidentimizning Tokioga tashrifi davomida Yaponiya parlamentining Vakillar palatasi spikeri Fukushiro Nukaga, parlamentning Maslahatchilar palatasi prezidenti Masakazu Sekiguchi bilan uchrashuvi juda samimiy va oʻzaro konstruktiv ruhda oʻtganiga guvoh boʻldik. Ushbu muloqotlar parlamentlar qoʻmitalari, xalq deputatlari mahalliy kengashlari va Yaponiya prefekturalari assambleyalari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish, shuningdek, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasida qonun ijodkorligini yoʻlga qoʻyishda yangi imkoniyatlarga poydevor boʻlishi shubhasiz.

Abdushukur HAMZAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fraksiya rahbari