Kunlik gaz qazib chiqarish hajmi 200 ming kub metrga koʻpaytirildi

    Energetika 11 Yanvar 2021 1354

    “Doyaxotin” konida yangi tabiiy gaz Yigʻuv punkti va gazni zavodga yetkazuvchi quvurlar oʻrnatildi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari tomonidan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining “Doyaxotin” konidan olinayotgan tabiiy gaz miqdorini oshirish uchun qoʻshimcha yangi Yigʻuv punkti va diametri 426 millimetrlik quvurlarni oʻrnatish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi.

    Qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishdan maqsad ushbu kondan qazib olinayotgan tabiiy gazni uzatishda quvurlarda yuzaga kelayotgan siqilishlarni oldini olish hamda yangi burgʻilangan quduqlarning samaradorligini yaxshilashdan iborat.

    “Doyaxotin” koni 2004-yilda ishga tushirilgan boʻlib, shu paytga qadar kondagi 21 ta quduqdan qazib chiqarilayotgan tabiiy gaz 1 ta Yigʻuv punkti orqali diametri 426 millimetrlik gaz quvuri yoʻnalishi bilan “Uchqir” majmuasiga uzatib kelingan.

    Yangi qurilib foydalanishga topshirilgan Yigʻuv punktga esa 21 ta quduq alohida ulangan. Punktga yigʻilgan tabiiy gaz yangi oʻrnatilgan quvurlarda “Qulbeshkak” konining Gazni dastlabki tayyorlash qurilmasi orqali “Gazli” gazni qayta ishlash zavodiga yetkaziladi.

    Natijada “Doyaxotin” konidan qazib olinib, qurilmada qayta ishlangan gazni sifatli holatda zavodga yetkazilishiga, shuningdek, gaz qazib chiqarish hajmini kunlik 200 ming kub metrga koʻpaytirishga erishildi.

    Qurilish-montaj ishlari “Janubgazqurilish” aksiyadorlik jamiyatining qurilish va payvandlash jamoasi tomonidan amalga oshirildi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.