Musobaqa Prezidentimizning 2020-yil 4-noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, milliy qadriyatlarimizdan boʻlmish kurashni yana-da rivojlantirish, jahon sport olamida obroʻsini yuksaltirish, xotin-qizlar oʻrtasida kurashning ommaviyligini oshirish maqsadida tashkil etildi.

Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan beshta vazn toifasida (48 kg., 57 kg., 63 kg., 70 kg., +70 kg.,) 75 nafar kurashchi xotin-qizlar jamoaviy bellashuvlarda gʻoliblik uchun kurashdi.

Musobaqa tantanali ochilish marosimida soʻzga chiqqan jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov, Bosh prokuror oʻrinbosari Svetlana Ortiqova, Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Oʻzbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Komil Yusupov barchani bayram musobaqasi bilan qutlab, mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida jismoniy tarbiya va sportga, milliy sport turlariga, xususan, milliy kurashga qaratilayotgan yuksak eʼtibor haqida gapirdi.

Yakuniy natijalarga koʻra, umumjamoa hisobida Toshkent viloyati qizlari birinchi, Surxondaryo viloyati jamoasi ikkinchi, Samarqand viloyati va Toshkent shahri polvon qizlari uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Birinchi oʻrinni egallagan jamoaga “Kurash malikalari kubogi”, diplom, medal va 50 million soʻm soʻm pul mukofoti topshirildi. Surxondaryo viloyati jamoasi diplom, medal va 30 million, Samarqand viloyati va Toshkent shahri jamoalari diplom, medal va 10 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, “Eng mohir kurash malikasi” (Yulduz Muhammadiyeva, Surxondaryo viloyati), “Eng yaxshi ayol hakam” (Sevara Dehqonova, Fargʻona viloyati), “Eng yaxshi qizlar murabbiysi” (Umida Matyoqubova, Toshkent shahri), “Eng yaxshi ayollar murabbiysi” (Manzura Tursunova, Surxondaryo viloyati), “Eng faol tashkilotchi ayol” (Zulxumor Roʻziyeva, Toshkent shahri), “Xorijlik kurash fidoyisi (Song Xeng, Janubiy Koreya), “Kurashning fidoyi sanʼatkori” (Gulbahor Erqulova, Toshkent shahri) nominatsiyalarida ham gʻoliblar aniqlanib, tashkilotchilarning esdalik sovgʻalari topshirildi

Ilhom RAHMONOV