Kurash: yangi vazn toifasi joriy etildi

    Sport 18 Fevral 2025 1790

    Xalqaro sport musobaqalarida milliy sport turimiz kurashning nufuzini oshirish hamda ishtirokchilar qamrovini yanada kengaytirish maqsadida erkaklar uchun yangi vazn toifasi – 120 kilogramm joriy etildi.

    Aytish lozim, 2024-yil davomida Xalqaro kurash assotsiatsiyasining AIMS (Alliance of Independent Recognized Members of Sport) tashkilotiga aʼzolik jarayonlarida vazn toifalarini maqbullashtirish masalasi bir necha bor muhokama qilindi. Tahlillar natijasida vazn toifalarini tenglashtirish tavsiya etildi.

    2024-yil 13-aprel kuni boʻlib oʻtgan Xalqaro kurash assotsiatsiyasi Boshqaruv kengashi yigʻilishida bu masala atroflicha koʻrib chiqildi va erkaklar uchun -120 kg. vazn toifasini qoʻshish boʻyicha yakuniy qaror qabul qilindi.

    Mazkur qarorga binoan kattalar oʻrtasida kurash boʻyicha oʻtkaziladigan musobaqalarda vazn toifalari quyidagicha belgilandi: erkaklar: -60 kg, -66 kg, -73 kg, -81 kg, -90 kg, -100 kg, -120 kg, +120 kg.

    Yangi vazn toifasi 2025-yilda tashkil etiladigan barcha rasmiy musobaqalarda joriy etiladi.