Kurrai zaminda keng quloch yozaver – belbog'li kurash!

    Yaratilish tarixi besh ming yilliklarga borib taqaladigan belbog'li kurash ota-bobolarimizdan bizgacha asrab-avaylanib, e'zozlanib etib kelgan milliy merosimiz, milliy sport turimiz sanaladi.

    Yurtimiz istiqlolga erishgach, belbog'li kurash ham milliy sport turlarimiz qatoridan joy oldi va yanada qadr topib, qayta shakl-shamoyiliga ega bo'ldi. Belbog'li kurash yuzlab, minglab o'g'il-qizlarimizning sevimli sport turiga aylandi. Natijada bugun mashg'ulotlarga zo'r berayotgan yosh polvonlarimiz xalqaro sport maydonlarida eng kuchli sportchilar qatoridan munosib joy olishga muvaffaq bo'layotgani rost gap.

    So'nggi besh yillikda belbog'li kurash ham xalqaro musobaqalarda eng ko'p medallarni jamg'arib kelayotgan sport turlaridan ekani quvonarli.

    Yana bir quvonarli gap. Milliy sport turimiz bo'lgan belbog'li kurashni dunyo bo'ylab keng miqyosda rivojlantirish maqsadida joriy yilning 27-sentyabrida Litva davlatining Vil`nyus shahrida Jahon belbog'li kurash assotsiatsiyasi (JBKA) tashkil etildi va rasman Yevropa Ittifoqidan ro'yxatdan o'tkazildi. Mazkur assotsiatsiyaga o'zbekistonlik hamyurtimiz Azizbek Abduxalilovich G'aniev prezident etib saylandi. Bu esa, ochig'i, belbog'li kurashga bo'lgan e'tiborni yanada kuchaytirdi. Boisi assotsiatsiya tashkil etilgandan keyin oradan hech qancha vaqt o'tmasdan, aniqrog'i, 7-10-oktyabr kunlari aynan Azizbek G'anievning tashabbusi va homiyligida tarixda ilk bor Ukraina davlatining L`vov shahrida belbog'li kurash bo'yicha erkaklar va ayollar o'rtasida Evropa chempionati o'tkazildi.

    Yuqori saviyada o'tkazilgan mazkur Yevropa chempionatida 100 ga yaqin polvonlar 65 kg, +65, 90, +90 kg vazn toifalarida bellashdi.

    Ushbu nufuzli chempionatning yana bir eng ahamiyatli tomoni, bellashuvlarni boshqarib borgan barcha hakamlar belbog'li kurashda qo'llaniladigan atamalarni o'zimizning sof o'zbek tilimizda talqin etishi bo'ldi.

    Har bir vazn toifasida kuchli uchlikdan joy olgan polvonlar Jahon belbog'li kurash assotsiatsiyasi tomonidan diplom, medal` va qimmatbaho esdalik sovg'alari bilan mukofotlandi.

    Shuningdek, Jahon belbog'li kurash assotsiatsiyasining bevosita ko'magi ostida Ukrainaning L`vov shahrida Ukraina belbog'li kurashi bo'yicha ham jahon chempionati bo'lib o'tdi. Ushbu jahon chempionatida to'rt nafar sportchimiz ham munosib ishtirok etdi. 16 ta davlatdan 200 ga yaqin atletlar ishtirok etgan ushbu jahon chempionatining klassik va erkin yo'nalishida ishtirok etgan polvonlarimizdan +90 kg.da Rustam Umarov (Namangan vil.) oltin medal`, 90 kg.da Muzaffar Soibboev (Namangan vil.), +90 kg.da Latifjon Badalov (Namangan vil.) hamda +65 kg.da Sahobat SHeralieva (Farg'ona vil.) bronza medaliga ega chiqdi.

    Yevropa chempionati doirasida A.G'aniev raisligida Jahon belbog'li kurash assotsiatsiyasining (JBKA) kongressi ham bo'lib o'tdi. Kongressda Jahon belbog'li kurash assotsiatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga oid axborotlar tinglandi, tashkiliy masalalar hamda ijroqo'm safini ko'paytirish, Osiyo va Pan-Amerika belbog'i kurash federatsiyalarini ochish xususida kelishib olindi. Bu kelishuv esa, o'z-o'zidan milliy belbog'li kurashimizning dunyo bo'ylab yanayam keng ommalashayotganidan darak beradi.

    Yana bir muhim gap. Xabaringiz bor, 24-27-noyabr kunlari Jizzax shahrida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun 2001-2003-yillarda tug'ilgan o'smirlar va qizlar o'rtasida ilk bor jahon chempionati o'tkaziladi. Mazkur jahon chempionatini xalqaro talablarga mos va yuqori saviyada o'tkazishda mas'ul vazirlik va idoralar qatorida Jahon belbog'li kurash assotsiatsiyasi (JBKA) ham alohida jonbozlik ko'rsatmoqda.

    Delegatlarni Toshkent va Samarqand xalqaro aeroportlaridan munosib kutib olish, mamlakatimizning eng diqqatga sazovor turistik markazlariga sayohatlar tashkil etish singari bir qator vazifalar ham rejalashtirilgani yurtimizda turizm salohiyatiga qaysidir ma'noda hissa qo'shishidan dalolat beradi. Bundan tashqari, Jizzaxda o'tadigan jahon chempionati doirasida JBKA prezidenti A.G'aniev raisligida navbatdagi kongress ham o'tkaziladi. Ushbu kongressda Osiyo, Markaziy Osiyo konfedertsiyalarni tuzish kabi qator vazifalar ko'rib chiqilishi va qarorlar qabul qilinishi nazarda tutilgan.

    Yangidan tashkil topgan Jahon belbog'li kurash assotsiatsiyasi prezidenti A.G'anievning ta'kidlashicha, tarix-o'tmishi bir necha ming yillikdan ortiq bo'lgan va ota-bobolarimizdan bizgacha asrab-avaylanib etib kelgan, halollik, mardlik, jasurlik, vatanparvarlik kabi tuyg'ular mujassam bo'lgan milliy sport turimiz – belbog'li kurashni er kurrasi bo'ylab ommalashtirish, aynan belbog'li kurash orqali yurtimiz sha'ni va shuhratini jahon sport ayvonlarida tarannum etish, ulug'lash, qolaversa, kelajakda olimpiya o'yinlari oilasida belbog'li kurash ham mustahkam o'rin olishi uchun amalga oshiriladigan sa'y-harakatlar bosh maqsadlardan sanaladi.

    Ilhom Rahmonov tayyorladi.