Joriy yilning 11 dekabr` kuni Oliy Evroosiyo iqtisodiy kengashi tomonidan O'zbekistonga Evroosiyo iqtisodiy ittifoqida (EOII) kuzatuvchi davlat maqomini berish to'g'risida qaror qabul qilindi va ushbu qaror 15 dekabrda O'Zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi yig'ilishida ma'qullandi.

Albatta, uning iqtisodiy integratsiya, migrantlar manfaatlarini himoya qilish va boshqa shunga o'xshash jihatlari to'g'risida iqtisodchilar, ekspertlar turlicha fikr-mulohazalar bildirmoqda, bundan keyin ham bildiradi. Xususan, EOIIga a'zo mamlakatlarning qonunchiligi va standartlarini o'zaro muvofiqlashtirishda iste'molchilar tashkilotlari o'rtasida hamkorlikni yo'lga qo'yish ularning manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. SHu sababli O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi dunyoning turli mintaqalari va MDH mamlakatlaridagi iste'molchilar tashkilotlari bilan Xalqaro iste'molchilar (Consumers International) tashkiloti doirasida va ikki tomonlama hamkorlik geografiyasini kengaytirmoqda.

Joriy yil yanvarida Birinchi Evropa va Osiyo mamlakatlari iste'molchilar xalqaro forumining Toshkent va Samarqand shaharlarida o'tkazilgani hamda unda boshqa xalqaro va mintaqaviy davlat, nodavlat iste'molchilar tashkilotlari ekspertlari qatorida Evroosiyo iqtisodiy komissiyasi vakilining ham ishtirok etganini bunga misol bo'la oladi.

SHu o'rinda O'zbekistonning EOIIda kuzatuvchilik maqomini olishi iste'molchilar huquqini himoya qilish borasida qanday naf keltiradi, degan savol tug'ilishi tabiiy, albatta.

Birinchidan, Evroosiyo iqtisoidy komissiyasi tavsiyasiga ko'ra, barcha a'zo mamlakatlarning iste'molchilar huquq va manfaatlarini himoya qilishga oid qonunchiligi o'zaro muvofiqlashtiriladi va o'sha huquqni yaxshiroq himoya qilishga imkoniyat yaratadi.

Ikkinchidan, ittifoqqa kirgan barcha mamlakatlarning iste'molchilari, qaysi mamlakat hududida yashab turganidan qat'i nazar, teng huquqqa ega bo'ladi.

Uchinchidan, tovar va xizmatlarning umumiy bozori, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xavfsizligiga bo'lgan yagona talablar iste'molchilarga xavfsiz va sifatli tovarlar xarid qilish imkonini beradi va ayni talablar EOII hududidagi ishlab chiqaruvchilarning sifatsiz tovarlar ishlab chiqarishini yoki xizmatlar ko'rsatishini taqiqlaydi.

YAna bir e'tiborli jihati shundaki, biror mamlakat fuqarosi bo'lgan iste'molchining huquqi boshqa biror a'zo mamlakat hududida buziladigan bo'lsa, u o'z huquqini talab qilib, iste'molchilar huquqini himoya qilish bilan shug'ullanadigan o'sha mamlakatning davlat va nodavlat tashkilotlari, hatto sudga murojaat qilish huquqiga ega. Ularning huquqi o'sha mamlakat fuqarolariniki bilan teng ta'minlanadi.

Bugungi elektron tijorat, onlayn xizmat ko'rsatish, turizm singari chegara bilmas sohalar rivojlanib borayotgan sharoitda iste'molchilarning transchegaraviy murojaat va shikoyatlarini ko'rib chiqish va ularning ishlab chiqaruvchi yoki xizmat qo'rsatuvchida qolib ketgan haqini undirib berish har qachongidan ko'ra ko'proq xalqaro hamkorlikni va real sa'y-harakatlarni taqozo qilmoqda.

Ta'kidlash joizki, yaqinda Janubiy Koreya iste'molchilar agentligi tomonidan ayni masalaga bag'ishlab o'tkazilgan onlayn videokonferentsiyada federatsiyamiz Evropa va SHimoliy Amerikada bo'lgani kabi Osiyoda ham iste'molchilar tashkilotini tuzish zarurligi haqida taklif bildirdi.

Jahongir SARIMSOQOV,

O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish

 jamiyatlari federatsiyasi raisi