“Shimoliy Koreya tushga yaqin Kengi va Donxe yo'llarining harbiy demarkatsiya chizig'idan shimoldagi qismlarini portlatib yubordi”, deyiladi Janubiy Koreya qurollik kuchlari shtab boshliqlari qo'mitasi bayonotida.
Harbiylar kuzatuvni kuchaytirganini va javob berishga tayyorligini aytdi.
O'tgan hafta Koreya xalq armiyasi bosh shtabi 9-oktabrdan boshlab Janubiy Koreya bilan bog'langan barcha avtomobil va temir yo'llarni yopishi haqida ogohlantirgan edi, deb xabar beradi interfax.ru.
“Koreya yarim orolidagi keskin harbiy vaziyat armiyamizdan davlat xavfsizligini yanada ishonchli himoya qilish uchun yanada qat'iy va kuchliroq choralar ko'rishni talab qiladi”, deyiladi Shimoliy Koreya Bosh shtabining Koreya markaziy telegraf agentligi tomonidan e'lon qilingan bayonotida.
“Bizning armiyamiz uchun asosiy dushman davlat va doimiy asosiy dushman bo'lgan Koreya Respublikasi bilan janubiy chegarani doimiy yopib qo'yish va blokada qilish hozirgi vaziyatda urushning oldini olish va KXDR xavfsizligini ta'minlash uchun o'zini-o'zi himoya qilish chorasidir”, deya ta'kidladi Pxenyan.