Uchrashuv avvalida xorijiy mehmonlarga vazirlik tizimi, vazifalari va faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha, shuningdek huquqiy sohada soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar va kelgusidagi rejalar haqida maʼlumot berildi.

Mehmonlar Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni mamnuniyat bilan eʼtirof etib, Latviya ham ana shu islohotlarga oʻz hissasini qoʻshmoqchi ekanligini, xususan samarali boshqaruv, qonun ustuvorligi, davlat xizmatlarini rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, elektron hukumat va axborotlashtirish hamda davlat xizmatchilari salohiyatini oshirish kabi yoʻnalishlarda hamkorlik qilishni taklif qildilar.

Latviya tomoni ushbu sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirish maqsadida xalqaro donor tashkilotlarning moliyaviy-texnik koʻmagini hamda grant mablagʻlarini jalb etishda yordam berishga tayyor ekanliklarini maʼlum qildi.

Uchrashuv davomida tomonlar, shuningdek, ikki davlat adliya va huquq institutlari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish, Oʻzbekistonlik mutaxassislarni Riga oliy yuridik maktabi hamda Latviya davlat administratsiyasi maktablarida oʻqitish va salohiyatlarini oshirish boʻyicha fikrlar almashdilar, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.