Mustaqil Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xususan, oliy taʼlimni xalqaro mezonlar asosida yuksaltirish yoʻlidagi amaliy ishlarni doimo ijobiy baholayman. Taʼlim sohasida oʻzaro hamkorlikning yuqori salohiyatiga ishonaman. Shu bois ham Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabi – ISMA universitetining ilk filialini aynan Oʻzbekistonda tashkil etdik va filialimiz Fargʻona viloyatida faoliyat boshlagan ilk xalqaro oliygoh boʻldi.
Uch yildan buyon faoliyat olib borayotgan ISMA universitetining Fargʻona shahridagi filialida “Tadbirkorlikni boshqarish”, “Turizmda tadbirkorlikni boshqarish”, “Axborot tizimlari” yoʻnalishlarida yuqori malakali kadrlar xalqaro taʼlim standartlari darajasida tayyorlanadi, turizm va mehmonxona xoʻjaligi sohalarida amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish, xalqaro tadbirkorlik asoslarini oʻrgatishga alohida eʼtibor qaratiladi. Magistratura, doktoranturada oʻqish imkoniyatlari ham Yevropa universitetlaridagi eng yuqori koʻrsatkichlar asosida taqdim etiladi.
Filialga 20 nafarga yaqin latviyalik malakali professorlar, shuningdek, yuksak salohiyatli mahalliy pedagoglar jalb etilgan. Hozirda oliygohda respublikaning barcha viloyatlaridan 200 nafarga yaqin talaba tahsil olyapti. Oʻzbekistondagi islohotlarga yelkadoshlik bilan 10 nafar “Temir daftar”ga kiritilgan oila farzandlariga filialda bepul tahsil olish imtiyozini joriy qildik. Bundan tashqari, ingliz tilini oʻzlashtirganlik toʻgʻrisidagi IELTS sertifikatga ega boʻlgan yoshlar 10 ta grant oʻrnida oʻqish imkoniyatiga ega. Oliygohda oʻtkazib kelinayotgan “ISMA BIF”, “ISMA sareer center”, “ISMA academic writing” singari oʻnlab loyihalar mamlakatning iqtidorli yoshlarini kashf etish va ularni Yevropaning eng nufuzli oliygohlaridan biri – ISMA universitetida oʻqishga jalb etishga qaratilgan.
Joriy yilning may oyida Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bilan uchrashuvda viloyatda xalqaro oliy taʼlim istiqboliga hissa qoʻshishga yoʻnaltirilgan barcha taklif va mulohazalarimiz qoʻllab-quvvatlanganidan mamnun boʻldik. Filialda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlab “SMA Fergana shou” yoshlar festivali oʻtkazilib, uning shukuhi barchamizga koʻtarinkilik ulashdi.
Oʻzbekiston xalqi uchun eng ulugʻ va eng aziz bayramga ham sanoqli kunlar qoldi. Ushbu tarixiy sana – Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi bayrami barcha oʻzbekistonliklar, xususan, taʼlim tizimi mehnatkashlari va mamlakat yoshlariga muborak boʻlsin.
Latviya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanishiga va Latviyaning ISMA universiteti Oʻzbekistondagi oliy taʼlim istiqboliga munosib hissa qoʻshishiga ishonaman.
ISMA universiteti Prezidenti, akademik Roman Dyakon bilan bu borada suhbatni Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi matbuot xizmati olib bordi.