Madaniyat vazirligida vazirlik markaziy apparati, Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi hamda tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirokida joriy yilning 25–30-aprel kunlari boʻlib oʻtadigan “Lazgi” xalqaro raqs festivaliga koʻrilayotgan tayyorgarlik ishlarining borishi haqidagi matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
YUNESKO shafeligida oʻtkazilayotgan, 25-aprel kuni tantanali ochilishi koʻzda tutilgan “Lazgi” II xalqaro raqs festivalida bugunga qadar Fransiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qozogʻiston, Belarus, Rossiya, Turkiya, Qirgʻiziston, Serbiya, Braziliya, Pokiston, Italiya, Koreya, Indoneziya, Misr, Hindiston, Ozarbayjon, Eron kabi 20 ga davlatdan 20 ta raqs guruhlari ishtirok etish istagini bildirgan.
Misr, Qozogʻiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Tojikiston madaniyat vaziri hamda AYSESKO bosh direktori festivalda Faxriy mehmon sifatida ishtirok etishi kutilmoqda. Ayni vaqtga qadar 5 ta (Germaniya, Koreya, Oʻzbekiston, AQSH, Qozogʻiston) davlatdan hakamlikka nomzodlik uchun ariza kelib tushgani, “Lazgi” xalqaro raqs festivali doirasida tashkil etiladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etish uchun 50 ga yaqin mahalliy olimlardan, 30 ga yaqin xorijiy olim va soha vakillari, xususan: Hindiston; XXR (oflayn); AQSH (oflayn); Rossiya (oflayn); Turkiya (oflayn); Misr (oflayn); Qozogʻiston va boshqa davlat vakillaridan ishtirok etish toʻgʻrisida murojaat kelib tushgani maʼlum qilindi.
Shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, mazkur festival ilk marotaba 2022-yilda boʻlib oʻtgan, unda 30 ta davlatdan 175 nafardan ziyod raqs sanʼati ustalari, professional raqs jamoalari, sanʼatshunos olimlar, madaniyat sohasining taniqli namoyandalari ishtirok etgan edi.
Munojat Moʻminova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri