3000 yillik tarixga ega ushbu raqs Xorazm zaminida yaralgan bo‘lib, tarixiy evrilishlar, turli davr silsilalariga qaramay ming yillar davomida o‘z jozibasini saqlab kelmoqda. Shuningdek, 2019 yili YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 28 sentyabr kuni imzolagan «Lazgi» xalqaro raqs festivalini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risi”gi qaroriga binoan Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan 2022 yildan e’tiboran har ikki yilda bir marta — 25–30 aprel kunlari Xorazm viloyatining Xiva shahrida “Lazgi” xalqaro raqs festivali o‘tkazib kelinmoqda. 

Madaniyat vazirligining xabar berishicha, YUNESKO shafeligida o‘tkazilayotgan “Lazgi” xalqaro raqs festivaliga bu yildan boshlab TURKSOY xalqaro tashkiloti ham shafelik qiladi.

2026 yili uchinchi marotaba o‘tkazilayotgan “Lazgi” III xalqaro raqs festivaliga dunyoning 30 dan ortiq davlatlaridan 300 dan ziyod iste’dodli raqqosalar, professional raqs jamoalari, raqs san’ati ustalari, musiqaşunos va san’atşunos olimlar, taniqli san’atkorlar, yetuk mutaxassislar, faxriy mehmonlar ishtirok etadi.

Festival doirasida bugun, 27 aprel kuni, xorijiy va mahalliy raqs san’ati ustalari, musiqaşunos va san’atşunos olimlar, taniqli san’atkorlar va faxriy mehmonlar ishtirokida “Jahon madaniy taraqqiyotida raqs san’ati: an’ana va umumbashariy qadriyatlar” mavzusidagi III xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham o‘z ishini boshladi.

Konferensiyada AQSh, Ozarbayjon, Belarus, Rossiya, Braziliya, Germaniya, Hindiston va shu kabi 15 ga yaqin xorijiy davlatlardan kelgan san’atşunos olimlar, xoreografiya sohasi mutaxassislari hamda respublikamiz oliy o‘quv tashkilotlari professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuchilari, magistrantlar va talabalari ishtirok etdi.

Olimlar va soha mutaxassislari «Xorazm lazgi raqsi»ning «Avesto» bilan tutash III ming yillik tarixini, estetik-etnografik xususiyatlarini o‘rganish, «Lazgi» turkumi kabi noyob madaniy merosning azaliy an’analarini saqlash va rivojlantirish, ilmiy-tadqiqotlarning innovatsion usullarini tavsiya etish kabi mavzularda chiqish qildi.

Konferensiyada ko‘hna Xorazm tarixi haqida hikoya qiluvchi «Arda» hujjatli filmining ilk namoyishi bo‘lib o‘tdi.


— Lazgi raqs festivalini do‘stlik ko‘prigi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki bu yahshi qo‘shnichilik aloqalarini rivojlantirayotan tadbirdir. – deydi tadbir ishtirokchisi, Qozog‘iston Respublikasi J.Tashenov nomli Chimkent universitetining Xalqaro hamkorlik va akademik mobillik markazi direktori Shahlo Naraliyeva. — Lazgi sahnasida har bir millat o‘zining raqsini namoyish etyapti. Mana bir necha yildan buyon o‘tkazilib kelinayotgan festivalning yil sayin sifati oshib, geografiyasi kengayib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. O‘tgan yil Chimkent shahrida ham Lazgi raqs tanlovi o‘tkazilib, bunda Qozog‘istonlik hamda O‘zbekistonlik ishtirokchilar qatnashib, o‘z mahoratini namoyon etdi. Bu esa o‘z o‘rnida ushbu asrlar ohsa yashab kelayotgan raqs san’at turining dunyoga keng quloch yoyayotganidan dalolatdir.

Konferensiya 28 aprel kuni ham davom etadi.

Ma’lumot uchun, kechki dasturda Xivaning «Ichan-Qal’a» majmuasida «Lazgi» III xalqaro raqs festivalining tantanali ochilish marosimi o‘tkaziladi.


Dilnura Qutlimurodova

Yuz.uz  muxbiri