Davlat bojxona qo'mitasi raisi Akmalxo'ja Mavlonov boshchiligidagi delegatsiya Gruziya Respublikasida amaliy tashrif bilan bo'lib qaytdi. Gruziyaga tashrifning dastlabki tadbiri ikkala mamlakat bojxona xizmati rahbarlarining uchrashuvi bo'ldi.
Gruziya bojxona nazorati tartibotlarini soddalashtirish va raqamlashtirishda qisqa muddatda tub o'zgarishlar qila olgani bilan alohida ahamiyatga ega. Jumladan, mamlakatda bojxona boji stavkalari optimallashtirilgan, bojxona rasmiylashtiruvi uchun talab qilinadigan hujjatlar soni 54 tadan 2 taga tushirilgan, chegara o'tkazish punktlarida avvalgidek, 8 ta emas, atigi 2 ta davlat idorasi faoliyat ko'rsatadi. Korrupsiyaga eltuvchi barcha omillar bartaraf etilgan.
Tadbir yakunida Bojxona sohasida professional kadrlarni tayyorlash bo'yicha Hamkorlik Memorandumi hamda Axborotlarni oldindan almashish bo'yicha Bayonnoma imzolandi. Davlat chegarasi orqali olib o'tiladigan tovarlar va transport vositalari to'g'risida dastlabki ma'lumotlar almashinuvini tashkil etish to'g'risidagi mazkur bayon bojxona rasmiylashtiruvi vaqtini qisqartirish, jarayonlarni soddalashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, bojxona sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qo'shayotgan hissasi uchun Gruziya bojxona xizmati rahbari Levan Kakava “O'zbekiston bojxona xizmatiga 30 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.