2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishlari bo'yicha Harakatlar strategiyasida ham Jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish bo'yicha bir qator vazifalar belgilangan edi. 

Xususan, Jinoyat-ijroiya kodeksining 18-moddasiga asosan, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) va Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirish huquqiga ega bo'ldi.

Hozir jazoni ijro etish muassasalariga kirishiga ruxsat etilgan shaxslarga hech qanday to'siq mavjud emas va har bir mahkumning saqlash sharoitlari qonun talablari asosida ta'minlanmoqda.

Ombudsmanning vakolatlari kengaytirildi

Barcha jazoni ijro etish muassasalarida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakiliga, prokurorga murojaatlari, ariza va shikoyatlari uchun mo'ljallangan alohida pochta qutilari o'rnatilgan. Qonunlarga rioya etilishi prokuratura idoralari hamda ombudsman tomonidan monitoring qilib borilmoqda.

Ombudsmanning mintaqaviy vakillari faoliyatini doimiy asosda yo'lga qo'yish uchun 2022-yil 1-yanvardan Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan qo'shimcha 14 ta shtat birligi ajratildi.

Vakillik instituti joriy etildi

Bola huquqlari bo'yicha vakil va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil lavozimlari joriy qilindi.

Agentlikning vakolatlari belgilandi

Endilikda qonun bilan Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari korruptsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilishini o'rganish va tahlil qilish uchun jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirish, hujjatlar bilan tanishish huquqiga ega bo'ldi.

“Huquqbuzarliklar profilaktikasi to'g'risida”gi qonunda Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar ro'yxatiga kiritildi va uning shu sohadagi vakolatlari belgilandi.

Manzil koloniyalar tugatilmoqda

Xalqaro standartlardan kelib chiqib, manzil koloniyalari bosqichma-bosqich qisqartirilmoqda. Shuningdek, jazoning o'talmagan muddatini engilrog'i bilan almashtirish va jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish to'g'risidagi taqdimnomalarni kiritish vakolati jazoni ijro etish organidan Insonparvarlik komissiyasiga o'tkazildi.

Jazoni ijro etish departamenti tashkil etildi

Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti etib qayta tashkil qilinib, uning huquqiy asoslari hamda jazoni ijro etish tizimini raqamlashtirish orqali sohada inson omilini istisno etish va jazoni o'tashning tartibotini ta'minlash bo'yicha aniq chora-tadbirlar belgilab berildi.

Jazoni ijro etish departamenti bevosita ichki ishlar vaziriga bo'ysunadi va vazirning zimmasiga ichki ishlar organlarining jinoiy jazolarni ijro etish tizimini rivojlantirish va unda qat'iy intizomni ta'minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklandi;

– ichki ishlar organlarining barcha tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari hududiy ichki ishlar organlarining tuzilmaviy-funktsional bo'ysunuvidan chiqarilib, Jazoni ijro etish departamenti bo'ysunuviga o'tkazildi;

– tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini samarali yo'lga qo'yish va ularda kunlik nazoratni olib borish Jazoni ijro etish departamenti tizimida tashkil etiladigan 6 ta mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Ochiq va oshkoralik tamoyili amalda

Islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2020-yil 22-may kuni Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lgan jazoni ijro etish faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta'minlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Avvalo, ushbu hujjat tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash maqsadida qabul qilinganini alohida ta'kidlash joiz.

Jazoni ijro etish muassasalari maqsadi jazolash emas, qayta tarbiyalash

Insonni ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish, uning kasbiy ko'nikmasini shakllantirish tarbiyada muhim ahamiyat kasb etadi. YA'ni halol mehnati evaziga oila tebratgan odam keyinchalik ham jinoyat ko'chasidan yiroq yurishga intiladi. Shu bois, bugungi kunda jazo muddatini o'tayotgan shaxslarni mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan kasblarga o'rgatish, kasbiy mahoratini oshirish, bo'sh vaqtlarini samarali o'tkazishi va o'z mehnati bilan oilasiga yordam berishini ta'minlash maqsadida muassasalarda ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilgan.

Prezidentimizning 2019-yil 29-yanvardagi “Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning mehnat bilan bandligini ta'minlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ishlab chiqarish quvvatlarini keng miqyosda yangilash va modernizatsiya qilish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali faoliyatni rivojlantirish, qo'shimcha ish o'rinlari yaratishga yanada keng yo'l ochib berdi.

O'tgan davr mobaynida ushbu hujjat talablari asosida muassasalardagi korxonalarning ishlab chiqarish faoliyati rivojlantirildi, raqobatbardosh, ichki va tashqi bozorlarda xaridorgir bo'lgan yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarishni o'zlashtirish salohiyati oshdi.

Jazo muddatini o'tayotgan ayrim shaxslarga ilk marotaba saylov huquqi berildi

Milliy qonunchiligimizni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida unga kiritilgan o'zgartirishlar xususida uzoq so'z yuritish mumkin.

Xususan, 2019-yilda ijtimoiy havfi katta bo'lmagan, shuningdek uncha og'ir bo'lmagan jinoyatlarni sodir etib, jazo muddatini o'tayotgan shaxslarga ilk marotaba saylov huquqi berildi. Bu jazo muddatini o'tayotgan shaxslar huquqlari tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanganidan dalolat.

Manzil koloniyalarda jazo muddatini o'tayotganlarning pensiya olish huquqlari qonun bilan belgilandi

Xususan, 2019-yil 28-avgustda kuchga kirgan “O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonunga asosan mahkumlarning ish haqidan ijtimoiy sug'urta ajratilmasligi belgilanib, pensiya ta'minotiga ega bo'lishi ta'minlandi.

Ushbu qonunning qabul qilinishi fuqarolarning ijtimoiy muhofazasini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarning mantiqiy davomi bo'lib, ijtimoiy adolat printsiplariga to'la mos kelishini alohida ta'kidlash lozim.

Endilikda manzil koloniyalarda jazoni o'tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga nafaqat pensiya tayinlash, balki ozodlikdan mahrum qilingunga qadar to'xtatilgan pensiya to'lovini tiklash huquqi ham taqdim etildi.

Jazo muddatini o'tayotgan shaxslar kasb-hunarga o'qitilmoqda

2021-yilning o'tgan 6 oyida ulardan 250 nafari umumta'lim maktablarida, 480 nafari kasb-hunar (tikuvchilik, payvandchilik, rassomlik, kashtachilik, sartaroshlik va boshqa) markazlarida o'qitildi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning umumiy o'rta va kasb-hunar ta'limi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori asosida Xalq ta'limi vazirligining 6 ta umumta'lim maktabi filialida jazo muddatini o'tayotgan shaxslar tahsil olmoqda. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi 4 ta kasb-hunar ta'limi markazi ham ularni o'qitishga ixtisoslashgan.

Ziyoda TO'RABAEVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti

“Jinoyat huquqi, kriminologiya va korruptsiyaga qarshi kurashish”

kafedrasi katta o'qituvchisi