Litsenziya talab va shartlarini buzgan dorixonaga chora koʼrildi

    Chilonzor tumanida joylashgan "SAYOHAT ONA FARM" MChJ dorixonasida mamlakatimiz hududida sotish, foydalanish va tibbiyot amaliyotida qoʼllash taqiqlangan "Zardeks", “Regapen”, “Selofen” va “Tropikamid" kapsulalari noqonuniy sotilayotgani aniqlangan.

    Mazkur holat boʼyicha Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligining Chilonzor tumanida joylashgan "SAYOHAT ONA FARM" MChJga 2019 yil 20 iyulda berilgan TN 1468-raqamli litsenziyani bekor qilish haqida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan daʼvo arizasi sudning tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi.

    "SAYOHAT ONA FARM" MChJga dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun berilgan litsenziya bekor qilindi.

    Eslatib oʼtamiz, «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʼgʼrisida»gi qonunning 20-moddasiga muvofiq, sifatsiz, qalbakilashtirilgan, Oʼzbekiston Respublikasida roʼyxatdan oʼtkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek, mamlakatimizda roʼyxatdan oʼtkazilgan dori vositalarining gʼayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.

    Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 818-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʼyxati”ga kirgan dori vositalarining chakana realizatsiyasi (sotish) faqat giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni saqlash va sotish faoliyati uchun litsenziyaga ega boʼlgan dorixonalar va ijtimoiy dorixonalar orqali amalga oshirilishi belgilangan.