Livanga yordam berish uchun Parijda taxminan 1 milliard yevro yig'ildi

    Parijda bo'lib o'tgan xalqaro konferensiyada Isroil va Livanning “Hizbulloh” radikal shia harakati o'rtasidagi janglar fonida Livanga favqulodda yordam ko'rsatish uchun 1 milliard yevroga yaqin mablag' yig'ildi.

    Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barrotning 24-oktabr, payshanba kuni aniqlik kiritishicha, 800 million yevro aholiga insonparvarlik yordami, 200 million yevro esa Livan qurolli kuchlarini mustahkamlashga yo'naltiriladi.

    Tadbirda 70 ga yaqin davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Germaniya 96 million yevro, Frantsiya esa 100 million yevro ajratadi.

    Parij Bayrut bilan do'stona munosabatlarni saqlab qolmoqda, xususan, mazkur mamlakat Livandagi 1990-yillarda yuz bergan fuqarolar urushi tugaganidan keyin uning tiklanishi uchun yordam bergan.

    BMT hisob-kitoblariga ko'ra, hozirgi bosqichda Livanga favqulodda yordam uchun kamida 400 million yevro talab etiladi, deya xabar beradi dpa.

    Fransiya prezidenti Emmanuel Makron konferensiyada “Bizga Livanda o't ochishni to'xtatish zarur”, dedi. U mamlakat va uning aholisini “erkin, suveren Livan”ni tiklash uchun Parij qo'llab-quvvatlashiga ishontirdi. Makron janglarda tinch aholi qurbonlari soni ortib borayotganidan afsusda ekanini bildirdi.

    Isroil harbiy-havo kuchlari qiruvchilari 23-oktabr, chorshanba kuni kechqurun “Hizbulloh” radikal harakati nishonlari joylashgan Livan poytaxti Bayrutning janubiy chekkalariga zarbalar berdi, deb xabar beradi dw.com

    Livan milliy axborot agentligi (NNA) Isroilning kamida 17 ta zarbasi haqida xabar berib, ularni mojaro boshlanganidan beri “eng shafqatsiz” hujum deb atadi.