Lizing obyektini qaytarishda qoʻshilgan qiymat soligʻi hisobi qanday boʻladi?

    Bilasizmi? 2 Sentabr 2021 1998

    Lizing oluvchi lizing shartnomasi talablarini bajarmadi va sud qaroriga asosan lizing beruvchiga lizing obyektini qaytardi. Ikkala tashkilot – QQS toʻlovchi. Ushbu xoʻjalik operatsiyasida QQS hisobi qanday boʻladi? MV bilvosita soliqlar va bojxona toʻlovlari metodologiyasi boʻlimi boshligʻi Bahodir BOYQOBILOV buni tushuntirib berdi:

    – “Mol-mulkni lizingga berish – bu tovarlarni realizatsiya qilish boʻyicha QQS solinadigan aylanma SK 239-m., 1-q.. Moliyaviy ijara (lizing) shartnomalari boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirishda QQS boʻyicha soliq bazasini belgilashning oʻziga xos xususiyati SKning 249-moddasida belgilangan.

    Mol-mulkni lizingga berish

    Mol-mulkni lizingga berishda lizing beruvchining soliq bazasi QQSsiz barcha davriy lizing toʻlovlarining summasi sifatida belgilanadi (agar shartnomada koʻzda tutilgan boʻlsa xarid summasi ham). Bunda lizing beruvchining foizli daromadi chegirib tashlanadi.

    SKning 246-moddasiga muvofiq soliq solishdan ozod etilgan olib kirilgan texnologik uskunani lizingga berishda soliq bazasini uskunani xarid narxi va realizatsiya qilish narxi oʻrtasidagi ijobiy farqdan kelib chiqib aniqlang.

    Mol-mulkni lizingga berish boʻyicha xizmatlar foizli daromadlar olishga taalluqli qismida QQSdan ozod etiladi.

    Lizing oluvchi lizing obyektini olishda hisobga olishning barcha shartlariga muvofiq kelgan taqdirda QQSni hisob olishga haqli.

    Lizing obyektini qaytarish

    Shartnoma talablari bajarilmaganligi tufayli lizing obyektini qaytarishda lizing oluvchi soliq bazasini qaytarish sanasida u tomonidan obyekt (QQSsiz) uchun toʻlanmagan lizing toʻlovlari summasi miqdorida belgilaydi. Bunda lizing oluvchining foizli xarajati chiqarib tashlanadi.

    Lizing oluvchi mustaqil ravishda soliq bazasini belgilashi bois, u lizing beruvchi nomiga QQS summasi ajratilgan EHF taqdim etadi. Ushbu EHF asosida lizing beruvchi SK muvofiq hisobga olishning barcha shartlariga muvofiq kelgan taqdirda QQSni hisob olishga haqli.