Londonda oʻzbekistonliklar ishtirokida futbol musobaqasi tashkil etildi

    Joriy yil 8-9-iyun kunlari London shahrida “Birlashamiz” shiori ostida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari va milliy taomlari festivali” tadbirlari oʻtkazilyapti.

    Mazkur tadbir tashkilotchilari sifatida Turizm qoʻmitasi, “Vatandoshlar” jamoat fondi, Oshpazlar uyushmasi jamoasi, Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ishtirok etyapti.

    Tadbirlar doirasida Londondagi Brunel universitetining sport maydonida Britaniyadagi oʻzbeklar ishtirokida futbol musobaqasi oʻtkazildi.

    Musobaqada tashkilotchilar va volontyorlar bilan birgalikda 100 nafardan ortiq ishtirokchilar har biri 7 kishilik 16 ta jamoaga boʻlingan holda oʻzaro bahslashdilar.

    Oʻziga xos doʻstlik musobaqasida “Andijon” jamoasi 1-oʻrinni, “Legends” futbolchilari 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, WAYU jamoasiga 3-oʻrin nasib etdi.

    Yakunda barcha musobaqa ishtirokchilari esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi hamda Oʻzbekiston oshxonasining milliy brendi – Palov bilan mehmon qilindi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.