Londondagi nufuzli OTM bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

    Mazkur ta'lim muassasasi OTMlar dunyo reytingida 27 o'rinda turadi va iqtisodiyot sohasida ko'plab Nobel mukofoti sohiblarini etishtirib bergani bilan mashhurdir.

    Bugungi islohotlar jarayoni xorijiy oliy ta'lim muassalari bilan hamkorlikni yanada oshirish, chet ellik professor-o'qituvchilarni ta'limga jalb etish, hamkorlikda ta'lim yo'nalishlari tashkil etishni taqazo etmoqda. Shundan kelib chiqib, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda London School of Economics and Political Science (London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi) o'rtasida onlayn tarzda hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Bo'lib o'tgan muzokaralar jarayonida London School of Economics and Political Science tomonidan EMFSS dekani, professor Paul Kelly, o'quv ishlari boshlig'i, professor David Webb, Ta'lim direktori, Ms. Elizabeth Aitken, EMFSS o'quv ishlari boshlig'i, doktor Francesco Nava, Biznesni rivojlantirish menejeri Mr. Miles Davies ishtirok etdilar.

    Xorijiy vatandoshimiz, Buyuk Britaniyaning Hult xalqaro biznes maktabi (Hult International Business School), Buxgalteriya hisobi va moliya fakul`teti dotsenti Hamid Irgashev, ACA, ACCA hamkorlik doirasida o'z fikrlarini bildirdilar. Shu qatorda, Hamid Irgashev Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida xorijiy maslahatchi va ekspert lavozimida faoliyat ko'rsatayaptilar.

    Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan universitet rektori Qo'ng'irotboy Sharipov, O'quv ishlari bo'yicha prorektor Mansur eshov muzokaralarda so'zga chiqdilar. Tadbirni moderator sifatida Xalqaro turizm fakulteti dekani Nozima Zufarova olib bordi. Uchrashuvda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektor Gulnora Abdurahmanova, Yoshlar bilan ishlash bo'yicha prorektor Sadriddin Xudoyqulov va fakultet dekanlari ishtirok etdilar.

    Memorandumga muvofiq Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Buyuk Britaniyaning London School of Economics and Political Science universiteti akademik rahbarligi asosida London universiteti (University of London) bilan xalqaro qo'shma ta'lim dasturini ochish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2021/2022 o'quv yilidan boshlab quyidagi ta'lim yo'nalishlarida bakalavr darajasini beruvchi qo'shma ta'lim dasturini ishga tushirish ko'zda tutilgan:

    – Buxgalteriya hisobi va moliya (Accounting and finance);

    – Iqtisodiyot (Economics);

    – Bank ishi va moliya (Banking and finance);

    – Menejment va raqamli innovatsiya (Management and Digital Innovation)

    Ma'lumot uchun, Londonning iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabiga 1895 yil asos solingan bo'lib, London universitetining tarkibidagi iqtisodiyot sohasidagi etakchi ta'lim muassasasidir. U oliy ta'lim muassasalarining dunyo reytingida 27 o'rinda turadi va iqtisodiyot sohasida ko'plab “Nobel” mukofoti sohiblarini etishtirib bergani bilan mashhurdir.

    London universiteti (University of London) 1836 yilda tashkil topgan bo'lib, unda 50 mingga yaqin talaba tahsil oladi. Uning tarkibiga Buyuk Britaniyaning eng nufuzli va obro'li universitetlari kiradi, jumladan, London iqtisodiyot universiteti.