Majlisda ta’kidlanganidek, keyingi yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda o‘zbek tili mamlakat hayotining turli sohalarida, shuningdek, xalqaro maydonda keng qo‘llanilmoqda, uni o‘rganishga qiziqish esa ortib bormoqda.

Shu munosabat bilan soha mutaxassislari tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlar asosida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlo qoidalarini takomillashtirish zarurati yuzaga kelgan.

Qonun loyihasiga muvofiq, amaldagi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o‘rniga 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan iborat alifboni joriy etish taklif qilinmoqda. Shuningdek, ayrim harflarning qo‘llanilishiga oid qoidalarga aniqlik kiritilishi nazarda tutilgan.

Muhokamalar chog‘ida deputatlar yangi alifboni amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etish yuzasidan qator takliflarni ilgari surdi. Xususan, qonun kuchga kirguniga qadar rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta, qimmatli qog‘ozlar, davlat organlari va tashkilotlarining ramziy belgilari, peshlavhalari, ko‘rsatkichlari hamda boshqa atributlar belgilangan muddatgacha amalda bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

Bu yondashuv davlat idoralari va tashkilotlarida mavjud hujjatlar, blankalar, peshlavhalar va boshqa moddiy vositalarni bir vaqtning o‘zida almashtirish zaruratini bartaraf etishi ta’kidlandi. Shu orqali davlat byudjeti mablag‘larining asossiz sarflanishining oldi olinishi, qo‘shimcha xarajatlar yuzaga kelmasligi hamda alifbodagi o‘zgarishlarni moliyaviy jihatdan maqbul tarzda bosqichma-bosqich amalga oshirish imkoni yaratilishi qayd etildi.

Alifboni takomillashtirish, avvalo, o‘zbek tili imlosini soddalashtirish, yozuvda bir xillikni ta’minlash va raqamli texnologiyalarga moslashuvni kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu esa elektron davlat xizmatlari, axborot tizimlari, sun’iy intellekt va avtomatik matnni qayta ishlash texnologiyalarida o‘zbek tilidan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Majlis yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborildi.