Jahon bankining Suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha masʼul vakili Azad Abdulhamid boshchiligidagi missiya “Janubiy Qoraqalpogʻistonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishmoqda.
Missiya aʼzolari Suv xoʻjaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazi direktorining oʻrinbosari Nuriddin Xoʻjaqulov hamrohligida Toʻrtkoʻl, Ellikqalʼa va Beruniy tumanlarida loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlarni koʻzdan kechirdi.
Xususan, Toʻrtkoʻl tumanida fermerlar bilan uchrashuvda loyiha doirasida yerlarni lazerli tekislash ishlarining bugungi natijalari boʻyicha koʻrgazmali seminar tashkil etildi. Fermerlar lazerli uskuna yordamida tekislangan gʻalla maydonlari boshqa maydonlarga nisbatan hosildorligi ortgani va suv sarfi ham kamayganligini alohida taʼkidlab, loyiha masʼullar va uni amalga oshirgan tashkilot quruvchi va xizmatchilariga mehmonlarga minnatdorlik bildirishdi.
– Tadbir ishtirokchilari bosh pudratchi – “Hisorakgidroqurilish” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan “Paxtaarna kanalini qayta tiklash” shartnomasi tarkibidagi yangidan qurilgan suv taqsimlovchi gidrotexnik inshootni borib koʻrdi, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari T.Madreymov. – Shuningdek, mehmonlar ushbu hududdagi yangidan qurilgan daryoga suv chiqaruvchi gidrotexnik inshoot bilan yaqindan tanishdi.
Loyiha doirasida kanallarning suv hisobini avtomatik oʻlchovchi qurilmalar oʻrnatish ham nazarda tutilgan. Jahon banki missiyasi vakillari Boʻston kanalining (sharqiy qism) oʻrnatilgan suv sarfini avtomatik tarzda oʻlchovchi SCADA tizimi bilan tanishdilar. Tadbir ishtirokchilariga ushbu moslama orqali suvni toʻgʻri taqsimlash, suvning hisobini aniq yuritish boʻyicha maʼlumotlar berildi. Mehmonlar loyiha doirasida yangidan qurilayotgan 33,4 km uzunlikdagi pudratchi “TOʼPALANG HPD HOLDING” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish montaj hamda betonlash ishlari bilan ham yaqindan tanishdilar. Eʼtiborlisi, missiya vakillari tashrifi doirasida hududlardagi fermerlar bilan uchrashuvida va loyiha doirasidagi ishlarni joyiga borib tanish chogʻida hudud aholisi ham loyihaning natijalarini alohida eʼtirof etishmoqda.