O'zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi va Global ekologik fond (GeF)ning “O'zbekistonda energiya tejamkor qishloq uy-joylari qurilishini rivojlantirishga ko'maklashish” qo'shma loyihasi doirasida va O'zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi ko'magida tashkil etilgan tanlovga 70 dan ortiq jurnalistik ishi taqdim etildi.
Tanlovning maqsadi aholi e'tiborini turar-joy sektorida energiya samaradorligini oshirish dolzarbligiga qaratish hamda jamiyatda energiya iste'moli va energiya tejashni boshqarishda ayollar rolini oshirish, shuningdek, medialarni atrof-muhitni asrash, energiya resurslaridan samarali foydalanish va qayta tiklanadigan manbalardan foydalanishni kengaytirishga qiziqishini kengaytirishdan iborat.
Marosimda energiya samarador uy-joylar qurishning afzalliklari haqida jamoatchilikni xabardor qilish, energiyani iste'mol qilish va tejashda jamiyat faolligini oshirishda jurnalistlarning alohida o'rni ta'kidlandi.
SHunday qilib, “eng yaxshi jurnalistik material” nominatsiyasida namanganlik Rayhon Muhammadalieva g'olib deb topilgan bo'lsa, ikkinchi o'rinni navoiylik Dilfuza Gulyamova, uchinchi o'rinni qoraqalpog'istonlik Zoya Erekeevaga egalladi. “Bloglar va ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan eng yaxshi material” nominatsiyasida esa toshkentlik Avazxon Haydarov va Sarvar Qurbanov g'olib bo'ldi.
BMTTD/GeF va O'zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining “O'zbekistonda energiya tejamkor qishloq uy-joylari qurilishini rivojlantirishga ko'maklashish” loyihasi olti yildan buyon amalga oshirilmoqda. Loyihaning muhim yutug'i 24 turdagi energiya tejamkor uy-joylar loyihalari ishlab chiqilishi bo'ldi. Bu esa respublika bo'ylab energiya tejamkor va kam uglerodli uy-joylarning ommaviy qurilishiga turtki berdi.
Bundan tashqari, loyiha doirasida 1358 ta energiya tejamkor va kam uglerodli xonadonlar qurish uchun moliyaviy yordam ko'rsatildi.