Aholi turmush sharoitini yaxshilashda ularning ish bilan taʼminlanganligi muhim ahamiyat kasb etadi. Keyingi vaqtlarda tadbirkorlik subyektlariga berilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan shart-sharoitlar ularning faoliyatini kengaytirish, shu orqali yangidan yangi ish oʻrinlarini yaratishlari bu boradagi islohotlarning amaliy natijasi boʻlmoqda.
Kattaqurgʻon shahridagi “Doʻstlik” mahallasida joylashgan “Kattaqoʻrgʻon sut agrofirmasi” oilaviy korxonasi ham bu imkoniyatlardan foydalangan holda faoliyatini kengaytirish, eksportni yoʻlga qoʻyish maqsadida bir qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirmoqda.
Bu yerga tashrif buyurgan shahar hokimi Gavhar Alimova korxonadagi mavjud shart-sharoitlar va belgilangan istiqbolli loyiha va keltirilgan texnik vositalar bilan tanishdi.
Ushbu oilaviy korxona kelgusida umumiy qiymati 12,1 milliard soʻm boʻlgan (shundan 1.0 mln. dollar xorijiy bank krediti) “Sutni chuqur qayta ishlash” loyihasini yoʻlga qoʻyish orqali 18 turdagi sut mahsulotlarini ishlab chiqarishni hamda quyultirilgan va quruq sut mahsuloti eksportini yoʻlga qoʻyishni rejalashtirgan. Muhimi, loyihaning toʻliq ishga tushirilishi natijasida 200 ga yaqin doimiy ish oʻrinlari yaratilishi nazarda tutilgan.
-Albatta biz kelgusida faoliyatimizni kengaytirish bilan birga, eng muhimi shahrimizdagi fuqarolarni ish bilan band boʻlishlarini taʼminlashimiz, shu orqali ishsiz boʻlgan insonlarni iqtisodiy ahvollarini yaxshilashga hissa qoʻshishimizdan mamnunmiz,- deydi korxona rahbari.
Kattaqoʻrgʻon shahar hokimligi Axborot xizmati