Qurilish tarmogʻi Navoiy kon-metallurgiya kombinati tizimida keng rivojlanayotgan sohalardan biri. Bugun NKMK quruvchilari qurayotgan inshootlar kombinat ravnaqi, yurt taraqqiyoti, xalq farovonligiga xizmat qilmoqda. Ular orasida bunyodkorlarimizning oʻz kuchi bilan iinvestitsion loyihalar asosida qurayotgan zamonaviy sanoat industriyasi, yaʼni gidrometallurgiya zavodlari, kon va shaxtalar, temir yoʻllar, koʻprik va magistrallar, ijtimoiy soha obyektlari yangi Oʻzbekistonning meʼmoriy qiyofasini yanada muhtasham etyapti.

Har yili avgust oyining ikkinchi yakshanbasida mamlakatimiz qurilish sohasi xodimlari kasb bayramini nishonlaydi. Bu gal ham ushbu sanani mamlakatimiz qiyofasini tubdan oʻzgartirib, hayotimizning yanada obod va farovon, fayzli boʻlishiga xizmat qiluvchi ezgu ishlar bilan kutib oldik. Prezidentimizning bayram munosabati bilan yoʻllagan tabrigida eʼtirof etilganidek, xalq manfaatini oʻylab mustahkam va koʻrkam imoratlar qurish, ravon yoʻl va koʻpriklar bunyod etish dunyodagi eng savobli va xayrli ishlardan biridir.

Quruvchilik —  sharafli kasb. Uning yuki qanchalik zalvorli, masʼuliyatli va mashaqqatli ekanini yaxshi bilamiz. Qurilishda loyihani mukammal ishlab chiqishdan tortib, inshootning soʻnggi pardozini bajarguncha boʻlgan har bir bosqich eʼtibor, mahorat, tajriba, fidokorona mehnat talab etadi. Sohada sifat va samaradorlik birinchi oʻrinda turadi. Chunki yoʻl qoʻyilgan oddiy xato ham katta muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois, har bir ishni pishiq-puxta amalga oshirish doimiy diqqat-eʼtiborimizda.

Ayni paytda investitsion loyihalar asosidagi qurilishlarimiz qamrovi ancha keng. Barchasi yirik loyihalar. Quruvchilarimiz ularni tez va sifatli roʻyobga chiqarishga intilmoqda. Vaholanki, yaqin-yaqingacha ishlab chiqarishga doir loyihalar faqat chetdan jalb etilgan quruvchi-muhandislar tomonidan amalga oshirilardi. Bugungi kunda bundan toʻla voz kechilib, barchasini oʻzimizning quruvchilar bajaryapti.

Bu boradagi dastlabki saʼy-harakatlar 4-gidrometallurgiya zavodini barpo etish va Muruntov konida jahonda yagona boʻlgan tik qiya konveyerni oʻrnatishdan boshlangan edi. Mazkur yirik loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi oʻzimizga ishonchni yanada mustahkamladi.

Eng avvalo, moddiy-texnik bazamizni yanada mustahkamladik. Parkimiz zamonaviy qurilish texnikasi hisobiga kengaydi va hozir 500 ga yaqin turli mashina-mexanizmga egamiz. Bunday imkoniyatlar ishimiz surʼati va sifatining yanada yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.

Yana bir ahamiyatli jihati, zarur qurilish materiallari korxonamizning oʻzida ishlab chiqarilayotgani. Bu, birinchidan, obyektlar qurilishi xarajatlarini sezilarli pasaytirish, mablagʻni iqtisod qilish, ikkinchidan, qurilish maydonlariga materiallarni yetkazib berishda uzilishlar boʻlmasligi, uchinchidan, yangi sexlar tashkil etilish hisobiga yoshlarimiz uchun ish oʻrinlari yaratishga imkon berdi.

Hozirgi kunga kelib 24 turdan ortiq qurilish mahsulotlari oʻzimizda ishlab chiqarilmoqda. Temir-beton, metall konstruksiyalar, gʻisht, qum, ohak, shagʻal, eshik-derazalar, polietilen quvurlar kabilar shular jumlasidan. Kyeyingi yetti yilda 859,1 milliard soʻmlik qurilish materiallari ishlab chiqarishga erishildi. Ayni paytda esa ehtiyojdagi mahsulotlar turini bosqichma-bosqich koʻpaytirish choralari koʻrilyapti. Ish hajmi va  surʼati ham shunga mos ravishda yildan yilga oʻsib boryapti. Misol uchun, 2016-yilda atigi 189,6 million dollar hajmida ish bajargan boʻlsak, 2022-yilda bu koʻrsatkich 486 million dollarga yetdi.

Kombinat faoliyatida investitsiya dasturi alohida oʻrin tutadi. Binobarin, 2017-2022-yillarda ushbu dastur asosida 28 ta investitsion loyiha amalga oshirildi. Bular sirasiga 5, 6, 7-gidrometallurgiya zavodlari, 2-gidrometallurgiya zavodining “B” bloki, yangi ochilgan Turboy, Balpantov va Tomdibuloq konlarini gidrometallurgiya zavodlari bilan bogʻlovchi 82,6 kilometrli temir yoʻl, koʻprik va magistral yoʻllarni kiritish mumkin. Shu bilan birga, kombinat homiyligida Zomin tumanida NKMK sanatoriysi, Zarafshon shahrida favvoralar sayilgohi, Uchquduq tumanida “Oltinkoʻl” dam olish majmuasi va boshqa obyektlar barpo etildi. Bu kabi ishlarimiz kon-metallurgiya sohasida katta yangilik, bunyodkorlik yoʻlida esa ulkan qadam boʻldi.

Bunga yana bir misol sifatida 5-gidrometallurgiya zavodi qurilishini olaylik. Uni yangi asrning haqiqiy bunyodkorlik namunasi, deyish mumkin. Zavodning zamonaviy qiyofasi, oʻziga xos ishlab chiqarish yechimlari, oʻrnatilgan innovatsion texnologiyalarni koʻrib havasingiz keladi. Qolaversa, korxona belgilangan muddatdan oldin bunyod etildi. Bu, shak-shubhasiz, sahro injiqlariga qaramay yelkama-yelka ishlagan quruvchilar, mutaxassisu muhandislar mehnati, orttirgan tajribasining amaliy mahsulidir.

Agar yoʻlingiz Zarafshon shahri, Uchquduq tumani markazi, Zarkent qoʻrgʻoni va boshqa hududlarga tushib qolsa, qad rostlagan muhtasham uy-joylar, ijtimoiy obyektlar, favvoralar, madaniyat va istirohat bogʻlari, dam olish maskanlariga koʻzingiz tushadi. Obodlik koʻngildan, oʻzing yashayotgan manzildan boshlanadi, deb shunga aytsalar kerak.

Bugungi kunda kombinatda Kapital qurilish, investitsiyalar, kon boshqarmalarida qurilish boʻlimlari, Zarafshon qurilish boshqarmasi, uning tasarrufidagi 3 ta qurilish-montaj jamoasi hamda 1 ta qurilish tresti mavjud boʻlib, ularda 3,5 ming nafardan ziyod quruvchi-muhandis mehnat qilmoqda. Ularning aksariyati yoshlaradir.

Ayni paytda quruvchilarimiz mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligini yorugʻ yuz, katta mehnat yutuqlari bilan kutib olmoqda. Jumladan, 6-gidrometallurgiya zavodi, Toʻdakoʻl dam olish bazasida xalqaro shaxmat maktabi, Zarafshon shahrida 504 oʻrinli ixtisoslashtirilgan maktab-internat foydalanishga topshirish uchun toʻliq shay holga keltirildi.

Qurilish sohasidagi istiqbol marralarimiz katta. Jumladan, investitsiya dasturi doirasida qiymati 513,5 million dollar boʻlgan 12 ta loyiha jadal surʼatlarda amalga oshirilmoqda. Uning 155,8 million dollari qurilish-montaj ishlariga toʻgʻri keladi. Shuningdek, hali oldimizda qiymati 390 million dollar boʻlgan Muruntov konini oʻzlashtirish (5-navbati), uning 2-bosqichi va qiymati  55 million dollar boʻlgan “Yangi Dovon-Toshkon konlarida maʼdan qazib olish majmuasini qurish” kabi loyihalarni 2026-yilgacha amalga oshirishdek masʼuliyatli vazifalar turibdi. Bu loyihalar roʻyobi yurtimiz iqtisodiyoti rivojiga katta hissa qoʻshadi, albatta.

Farhod BAHRONOV,

 “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ bosh direktorining

 investitsiyalar va kapital qurilish boʻyicha oʻrinbosari